“M39” Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yoʻlining 60 km qismi rekonstruksiya qilinadi

    “M39” Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yoʻlining 60 km qismi rekonstruksiya qilinadi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “M39” Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yoʻlining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Mamlakatimizda xalqaro talablar va standartlarga mos zamonaviy avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish, avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va milliy yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan umumiy kiymati 195,5 mln AQSH dollari boʻlgan “M39 ”Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz“ avtomobil yoʻlining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi belgilangan tartibda ishlab chiqilgan edi.

    Loyihani amalga oshirish uchun:

    Islom taraqqiyot banki tomonidan 5-yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 20-yil muddatga 106,7 mln AQSH dollari miqdorida;

    OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 5-yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 20-yil muddatga 47,2 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratadi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi ITB va OPEK jamgʻarmasi bilan tegishli Hadli kelishuv hamda qarz bitimi imzolangan.

    Umumiy qiymati 195,5 mln AQSH dollari boʻlgan loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga koʻra ITB va OPEK jamgʻarmasining hissasi 153,9 mln AQSH dollarini, Oʻzbekiston Respublikasining hissasi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish hamda moliyaviy boshqa xarajatlarni qoplash koʻrinishida 41,5 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etadi.

    Loyiha 5-yil (2-yil kafolat davrini hisoblagan holda 2024-2029-yillar) da amalga oshiriladi.

    Prezident qaroriga muvofiq:

    “M39 ”Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz“ avtomobil yoʻlining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;

    “M39 ”Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz“ avtomobil yoʻlining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan mablagʻlarni boʻlib toʻlashning prognoz jadvali;

    “M-39 ”Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz“ avtomobil yoʻlining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, foiz va boshqa toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali tasdiqlandi.

    Qarorga koʻra, loyiha doirasida maqbullashtiriladigan va iqtisod qilinadigan mablagʻlar hisobidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlari barpo etiladi.

    Yashil hududlarni barpo etish maqsadida loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yoʻllarining yoʻl boʻyi mintaqalarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 450 ming dona manzarali daraxt va terak koʻchatlari ekiladi.

    Bunda, barpo etiladigan yashil hududlarni lozim darajada saqlash boʻyicha tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar bilan oʻrnatilgan tartibda shartnomalar tuziladi.