Aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari koʻrsatish darajasini oshirish, respublikaning barcha hududlarida teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish, madaniyat va sanʼat sohasida isteʼdodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlash, taʼlim muassasalarini milliy cholgʻular, musiqa darsliklari, notalar toʻplamlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashning yaxlit tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarning musiqiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga boʻlgan muhabbatni shakllantirish, yosh isteʼdodlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilansin:
a) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida:
mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy musiqa cholgʻularidan kamida bittasida kuy ijro etish mahorati oʻrgatiladi hamda bu haqda ularning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatiga (shahodatnoma) tegishli qayd kiritiladi;
musiqa fani uchun haftasiga belgilangan bir oʻquv soati hamda unga qoʻshimcha ravishda har hafta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish amaliytoʻgaraklari va fakultativ darslari oʻtkaziladi;
mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy cholgʻulardan kamida bittasida, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab esa kamida uchtasida kuy ijro etish mahoratiga ega boʻlish musiqa fani oʻqituvchilari uchunmajburiy hisoblanadi;
musiqa fani uchun ajratilgan oʻquv soatlari doirasida “Hayotimga hamrohdir cholgʻu” shiori ostida cholgʻu ijrochiligi dars mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyiladi;
notalar toʻplamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar bilan taʼminlash umumtaʼlim maktablarini darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash tizimiga kiritiladi;
oʻquvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlariga koʻra milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish mahorati, tasviriy va amaliy sanʼat, hunarmandchilikyoʻnalishlarida amaliy toʻgaraklar (keyingi oʻrinlarda – amaliy toʻgaraklar) tashkil etiladi;
amaliy toʻgaraklar rahbarlariga “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak rahbari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari qoʻllaniladi;
amaliy toʻgaraklarni olib borish hisobi “Elektron kundalik” dasturi orqali amalga oshiriladi hamda har chorakda toʻgarak ishtirokchilarining hisobot konsertlari tashkil qilinadi;
musiqa sanʼati boʻyicha professional taʼlim hamda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlgan, kamida 3 ta milliy musiqa cholgʻularida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaxassislarni asosiy ish joyidan boʻsh vaqtida u yerdagi mehnatga haq toʻlash shartlarini saqlab qolgan holda oʻrindoshlik asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari musiqa fani oʻqituvchisi va musiqa yoʻnalishidagi toʻgarak rahbari lavozimiga toʻliq stavkada ishga qabul qilishga ruxsat beriladi;
musiqa fani oʻqituvchilarini kamida uchta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etishga oʻrgatish xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi doirasida amalga oshiriladi, bunda qayta tayyorlash (malaka oshirish) kurslarida mashgʻulot olib borish uchun madaniyat va sanʼat sohasi vakillari shartnoma asosida jalb etiladi;
b) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida:
Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan boshqa madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda lektoriy konsertlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi;
lektoriy konsertlari taʼlim va madaniyat muassasalarida tashkil etiladi hamda oʻquvchi va talabalarning musiqiy madaniyati va savodxonligini yuksaltirishga, estetik didi, dunyoqarashini kengaytirishga va musiqani his qilishiga qaratilgan amaliy mashgʻulotlardan iborat boʻladi;
lektoriy konsertlarining oʻtkazilganligi haqida tegishli taʼlim, madaniyat muassasasi, tuman (shahar) hokimligi yoki boshqa masʼul tashkilot rahbari va Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori tomonidan dalolatnoma tuziladi;
lektoriy konsertlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy byudjet mablagʻlari (umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida) va byudjetdan tashqari mablagʻlar (oliy taʼlim muassasalarida) yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan dalolatnoma asosida moliyalashtiriladi;
Madaniyat vazirligi hayʼati qarori bilan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida madaniyat va sanʼat sohasidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ijodkorlar rahbarligida ularning “mahorat maktablari” tashkil etiladi;
“mahorat maktablari” rahbari boʻlgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorda qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirib boriladi;
v) umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat markazlari:
2022-2024-yillarda mazkur qarorga 1a-ilovada belgilangan reja-jadvalga muvofiq 3 tadan milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari bilan taʼminlanadi;
milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari bilan taʼminlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti va tegishli mahalliy byudjetlardan teng ulushlarda ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari Madaniyat vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tegishli davlat muassasalariga yetkazib beriladi, bunda xarid komissiyasining tarkibiga milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro eta oluvchi yuqori malakali mutaxassislar kiritiladi, cholgʻular ular tomonidan sinab koʻriladi;
g) har yili:
oʻquvchilar va talabalar oʻrtasida mazkur qarorga 2-ilovadagi roʻyxat boʻyicha “taʼlim muassasasi – tuman (shahar) – viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri) – respublika” kesimida madaniyat va sanʼat sohasidagi respublika koʻrik-tanlovlari tashkil etiladi;
respublika koʻrik tanlovlarining “taʼlim muassasasi” bosqichida tegishli taʼlim muassasasi joylashgan mahalladagi yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash Yoshlar yetakchilari va madaniyat markazlari zimmasiga yuklanadi.
2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Xalq taʼlimi vazirligi (B.O.Saidov) 2022-yil 1-iyunga qadar:
har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida direktor buyrugʻi bilan amaliy toʻgaraklar tashkil etilishini, bu haqida oʻqituvchi va oʻquvchilarning xabardor qilinishini taʼminlasin;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida musiqa fani oʻqituvchilariga boʻlgan talab va kelgusidagi ehtiyojni muntazam ravishda tahlil qilib borsin, zaruratga koʻra, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda musiqa fani oʻqituvchilarini tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga buyurtmalar berib borsin;
b) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) ikki oy muddatda:
musiqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan lektoriy konsertlarining badiiy dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.N.Sattarov) bilan birgalikda musiqa cholgʻularini ishlab chiqaruvchi mutaxassislarni jalb qilgan holda mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy musiqa cholgʻularini ishlab chiqarish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilinishini taʼminlasin.
3. Quyidagilardan iborat 2022-yilda respublika miqyosida oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi(keyingi oʻrinlarda – 2022-yil uchun kalendar reja) tasdiqlansin:
2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni oʻtkazish reja-jadvali 3a-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali 3b-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasitarkibidagi badiiy jamoalar tomonidan uning hududiy boʻlimlari bilan birga konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali 3v-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Oʻzbekiston milliy va davlat simfonik orkestrlari, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi ijodiy (badiiy) jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3g-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat teatrlari jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3d-ilovaga muvofiq;
2022-yilda Oʻzbekiston milliy simfonik orkestriva Oʻzbekiston davlat simfonik orkestrining Toshkent shahrida yirik konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3e-ilovaga muvofiq;
2022-yilda respublika miqyosida kasb bayramlarini nishonlash munosabati bilan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari roʻyxati 3j-ilovaga muvofiq;
2022-yilda hududlardagi madaniyat muassasalari tomonidan oʻzarolik tamoyili asosida boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3z-ilovaga muvofiq.
4. 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov):
2022-yil 1-iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilsin;
vazirlik tizimidagi konsert-tomosha muassasalari, sirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar (doimiy aʼzolar va muayyan tadbirlarda ishtirok etuvchilar) roʻyxatini shakllantirsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarni oʻtkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari orqali, shu jumladan, tadbir oʻtkaziladigan hududlar aholisini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimini yoʻlga qoʻysin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
bir oy muddatda oʻz hududlarida 2022-yilda oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejalarini tasdiqlasin;
2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning yuqori saviyada oʻtkazilishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal qilsin;
oʻzarolik tamoyili asosida oʻz hududida faoliyat yuritayotgan madaniyat muassasalari jamoalarining boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarining samarali tashkil etilishini taʼminlasin;
v) Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov) 2022-yil uchun kalendar rejaga kiritilgan tadbirlarni mahalliy va xorijiy turistlar orasida keng targʻib qilish choralarini koʻrsin, turistlar oqimining oʻzgarishini inobatga olib kalendar rejaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni doimiy ravishda Madaniyat vazirligiga taqdim etib borsin;
g) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish uchun Madaniyat vazirligiga Davlat byudjetidan qoʻshimcha 20 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.
5. Barcha davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan oʻz xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, konsert, sirk va teatrlarga kirish uchun bilet va abonementlarni xarid qilish amaliyotini joriy etsin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov), xoʻjalik jamiyatlari muassisi boʻlgan boshqa davlat organlari bir oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining boshqaruv organlari yigʻilishlarida ushbu tashkilotlar buyurtmasi asosida xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish vazifasini biznes-rejaga kiritish boʻyicha tashabbus bilan chiqsin.
Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda har oyning 25-sanasiga qadar barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari, muassasalari, korxonalari va xoʻjalik jamiyatlariga ular joylashgan hududda kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari haqida maʼlumot berib borsin.
6. Belgilansinki, 2022-yildan boshlab madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi qoʻshimcha choralari joriy etiladi:
a) Madaniyat vazirligi tomonidan “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida har yili quyidagilar uchun davlat buyurtmalari beriladi:
teatrlarda sahnalashtiriladigan kamida 40 ta yangi spektaklga;
kompozitorlar va bastakorlarga 40 ta yangi musiqa asarlari, shu jumladan, opera, simfoniya, oratoriya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar, xususan, estrada boʻyicha asarlar yaratishga;
kamida 100 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratishga (keng ommalashgan 20 ta audiovizual asar ijodkorlari Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi);
kamida 150 ta eng yaxshi milliy qoʻshiqlarnikaraoke yordamida ijro qilish uchun qayta ishlashga;
atoqli ijodkor-ziyolilar, aholi orasida yuksak hurmatga ega sanʼat va ijod vakillari tomonidan olis va chekka hududlar aholisi, ushbu hududlardagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazishga (bir yillik reja-jadval hamda Madaniyat vazirligi bilan tuziladigan fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida);
taʼlim muassasalari (tanaffus paytida), aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar, savdo-koʻngilochar majmualar, madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlarning lokal tarmoqlari orqali eshittiriladigan va tashrif buyuruvchilarning ruhiyatiga ijobiy taʼsir qiladigan milliy kuylardan iborat musiqiy albomlarni tayyorlash va ommalashtirish ishlariga (mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda);
b) aholi orasida keng ommalashgan Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar tashkil etilib, ular orqali Jamgʻarma mablagʻlari hamda sahifalarni yuritishdan kelib tushgan mablagʻlar hisobidan oʻzbek xalqi milliy madaniyatini targʻib etuvchi quyidagitanlovlar joriy etiladi:
musiqa cholgʻularida (milliy, opera, simfoniya, oratoriya, estrada, boshqa mumtoz va zamonaviy janrlarda) bajarilgan eng yaxshi 100 ta ijro;
eng yaxshi 100 ta milliy qoʻshiq;
eng yaxshi 100 ta milliy musiqiy klip;
karaoke yordamida qoʻshiq ijro qilishga moʻljallangan, eng yaxshi 100 ta musiqiy kompozitsiya (qoʻshiq matni bilan);
davlat va xususiy teatrlarda sahnalashtirilgan eng yaxshi 50 ta spektakl.
Bunda, har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar yil davomida joylashtirilgan va har yili 15-dekabr holatiga foydalanuvchilar tomonidan eng koʻp koʻrilgan ijrolar orasidan aniqlanadi hamda Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
v) yuridik shaxslarning foyda soligʻi hamda aylanmadan soliqni hisoblashda soliq solinadigan bazaushbu tashkilot xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish, shu jumladan, ushbu tadbirlarga kirish uchun biletlar xarid qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi, bunda mazkur chegiriladigan mablagʻlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
g) milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi;
d) Madaniyat vazirligiga oʻz tizimidagi barcha tashkilotlar uchun byudjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini sarflash nisbatini (moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlariga) mustaqil belgilash huquqi beriladi.
7. Mazkur qarorning 6-bandida belgilangan madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha choralarini oʻz vaqtida va toʻliq joriy etish maqsadida:
a) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov):
yuksak badiiy saviyadagi audiovizual asarlarga davlat buyurtmalarini joylashtirishda ularning milliy adabiyot va sheʼriyatimizning nodir durdonalari asosida yaratilishi, isteʼdodli ijodkorlar tomonidan mahorat bilan badiiy oʻqish, monolog va boshqa shakllarda, shuningdek, xorijiy tillarda ijro qilinishiga, alohida eʼtibor qaratsin;
bir oy muddatda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalarni tashkil etsin, ularni doimiy ravishda keng jamoatchilik orasida ommalashtirish choralarini koʻrsin, sahifalar faoliyatini tashkil etishda mualliflik huquqlariga rioya qilinishini qatʼiy nazorat qilsin;
b) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda tegishli soliq imtiyozlarini joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-son farmoniga asosan Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki:
a) Jamgʻarma mablagʻlari respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar, Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar foydasining muassisga yoʻnaltiriladigan qismi hamda qonunchilikda belgilangan yoki taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;
b) quyidagi tadbirlar Jamgʻarmaga Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi:
“mahorat maktablari” rahbari boʻlgan ijodkorlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish;
ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi asosida “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi, davlat teatrlari, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish;
“Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan davlat buyurtmalarini moliyalashtirish;
“Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar orqali tashkil etiladigan tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash;
Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalar tomonidan oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining reklamasini tashkil qilish, telekanallardan efir vaqtini sotib olish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
9. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):
ushbu qarorda amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga 2022-yilda jami 50 milliard soʻm, shundan, 25 milliard soʻmni 2022-yil 1-martga qadar, qolgan 25 milliard soʻmni ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishiga qarab, Madaniyat vazirligining soʻroviga asosan ajratsin;
ushbu qaror bilan Madaniyat vazirligiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 2023-yil Davlat byudjeti parametrlarida Jamgʻarmaga 50 milliard soʻmnazarda tutsin.
10. Madaniyat va sanʼat sohasidagi ijodkorlarni har yili bir marotaba taqdirlash maqsadida Madaniyat va sanʼat milliy mukofoti taʼsis etilsin.
Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda madaniyat va sanʼat milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya beriladi.
12. Hududiy madaniyat organlari tuzilmasidagi namunaviy maqom ansambllari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtat birliklari doirasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining hududiy boʻlimlari tashkil etilsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat” telekanali Madaniyat vazirligining Bosh axborot hamkori etib belgilansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Madaniyat vazirligi tomonidan namoyish etishga tayyor holda taqdim etiladigan materiallar “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida tomoshabinlar uchun qulay boʻlgan vaqtlarda bepul efirga uzatiladi;
respublika telekanallaridan tomoshabinlar uchun qulay boʻlgan efir vaqtlari Madaniyat vazirligi tomonidan sotib olinadi va ushbu vaqtda vazirlik taqdim etgan materiallar efirga uzatiladi;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarda har haftada aniq bir vaqtda Madaniyat vazirligi uchun efir vaqti ajratiladi;
telekanallar faoliyatiga taalluqli tegishli litsenziya talablari va shartlariga milliy madaniyatimiz durdonalarini, shu jumladan, milliy cholgʻularda asarlar ijro etilishini efirga berish talablari kiritiladi.
Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) bir oy muddatda telekanallar faoliyatini litsenziyalash boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Quyidagilar:
2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”4-ilovaga muvofiq;
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davlat teatrlari va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasini avtobus va yuk transport vositalari bilan taʼminlash rejasi 5-ilovaga muvofiq;
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tuman (shahar) madaniyat boʻlimlarini maxsus avtotransport vositasi bilan taʼminlash rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu bandda tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” va rejalarda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.
15. Moliya vazirligi 2022-yil olti oylik yakuni boʻyicha Davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin, 2023-yildan boshlab har yili Davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda zarur mablagʻlar nazarda tutilishini taʼminlasin.
16. Muassasa va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻzlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yoki taʼminlash maqsadida xorijdan import qilib olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan musiqa cholgʻulari, ovoz kuchaytirgich moslamalar, texnik jihozlar, chiroqlar, maxsus libos va oyoq kiyimlar, “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan maxsus avtotransport vositalari, ularga oʻrnatiladigan musiqa texnikasi va sahnalar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
19. Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A.Nazarbekov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari A.A.Joʻraboyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga harchorakda axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 2-fevral









