Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat va turizm vaziri O.A.Nazarbekovning “Koba san'at majmuasi” MCHJning ta'sischisi ekanligiga oid xabarlar keng muhokama qilinmoqda.
Holat yuzasidan o'rganish olib borgan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi natija haqida ma'lum qildi. Unda aytilishicha, o'rganish mobaynida haqiqatdan ham O.Nazarbekovning 2016-yil 16-martda davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “Koba san'at majmuasi” MCHJda 100 foizlik ulush bilan ta'sischi ekanligi aniqlandi.
Ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”da davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to'lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug'ullanmasligi belgilangan.
Shu va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda yuqoridagi holat bartaraf etilib, “Koba san'at majmuasi” MCHJ ta'sischisi o'zgartirildi.
Shuningdek, 30-may kuni Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat'iy rioya qilinishi hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korruptsiyaga yo'l qo'ymaslik printsiplariga rioya qilinishini ta'minlash choralarini ko'rish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.