- Namangan viloyati oʻzining betakror ob-havosi, turfa gullarga burkangan soʻlim manzillari bilan barchamizni oʻziga rom etadi. Bu shahar goʻzalligiga mos ravishda bunyod etilgan ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabiga kiraverishdanoq bahri dilimiz ochildi. Koʻrkam, keng va yorugʻ, toza-ozoda sinf xonalari, oʻquvchi yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻrib, koʻzimiz quvondi. Erta tongdanoq taʼbimizni xira qilgan muammolardan biroz chalgʻigandekmiz.
Ayniqsa, yoshlarning sermahsul ijod jarayonlari, ulardagi shijoat bizni hayratlantirdi. Chekka tumanlardan kelib tahsil olayotgan oʻquvchilar orasida haqiqiy iqtidorlar juda koʻp. Taʼlim muassasasida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlik samarali yoʻlga qoʻyilgani ham bizni mamnun etdi.
Oʻquv dargohi mutaxassislikka oid oʻquv qoʻllanmalari, musiqa va sanʼat sohasiga oid qoʻshimcha adabiyotlar, badiiy adabiyotlar bilan toʻliq taʼminlangan. Oʻquvchilar fortepiano ijrochisi, torli cholgʻular ijrochisi, anʼanaviy vokal artisti, estrada vokal artisti, grafika rassomi kabi 16 ta yoʻnalishda bilim olishmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur taʼlim dargohida oʻquv mashgʻulotlaridan tortib tashkiliy ishlargacha aʼlo darajada yoʻlga qoʻyilgan. Albatta, muassasa rahbariyatining ham bunda oʻz oʻrni va hissasi bor.
Tashrifimiz jarayonida oʻquvchi yoshlar bilan ularning rejalari va orzulari haqida suhbatlashdik. Faqat birgina muammo - musiqiy cholgʻu asboblarining yetarli emasligini yoshlardan eshitganimizdan soʻng, bu borada tegishli masʼullarga topshiriqlar berdik.
Maktab faoliyatidan xursand holda esdalikka suratga tushib, oʻquvchi va oʻqituvchilar bilan samimiy xayrlashdik.
Ozodbek NAZARBEKOV,
Madaniyat vaziri.