Mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, O.Nazarbekov “The Voice of Uzbekistan” loyihasi hakamlar hayʼati aʼzosi sifatida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar doʻkoniga tashrif buyurib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagan.
Libos tanlash jarayonida lavhada aytib oʻtilganidek, O.Nazarbekov milliy brend rivoji uchun oʻzining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib oʻtgan. Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.
Yaʼni, bundan O.Nazarbekovning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi koʻzlanmagan.
O.Nazarbekov Madaniyat vaziri, qolaversa, Oʻzbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida Oʻzbekiston Respublikasining barcha qonunlarini hurmat qiladi va ularga qatʼiy rioya etadi.
“Shu oʻrinda, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikdan holatga xolisona baho berishlarini, jarayonni nooʻrin ayblovlar bilan yoritmasliklarini soʻrab qolamiz”, - deyiladi xabarda.