Ozodbek Nazarbekov: “Bu ishlarni kameralar uchun qilayotganimiz yoʻq”

    “Madaniyat va sanʼat xodimlari” kuni munosabati bilan Andijonda oʻtayotgan tadbirlar doirasida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hududdagi soha jonkuyarlarining uylariga tashrif buyurib, bayram bilan qutladi.

    Fidoyi xodimlarga vazirlikning tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Taqdirlanganlarning barchasi madaniyat va sanʼat sohasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar oʻz natijasini berayotganini alohida taʼkidladi. Vazirning tashrifidan boshi koʻkka yetganini hayajon va quvonch yoshi bilan ifoda etdi.

    Jurnalistlarga bunday ezgu ishlar barcha hududlarga koʻchishi haqida aytar ekan, Madaniyat vaziri “Biz bu ishlarni kameraga tushish uchun qilayotganimiz yoʻq aslida, biroq bugungi kun talabidan kelib chiqib ijtimoiy olamda faoliyatimiz bilan tanishtirib boryapmiz”, — dedi.

    86 yoshli Maya opa Usmonaliyeva hamon oʻzi rahbarlik qilgan viloyatdagi 1-sonli Madaniyat uyi hamda sohadan uzilgani yoʻq. Shu yoshda ham yoshlarni ruhlantirib, turli tadbirlarni tashkillashtirib yurganini vazir alohida eʼtirof etdi.