Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Vazirlar Mahkamasi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoni hamda “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti etib kqyta tashkil etilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qarori bilan Institutning asosiy vazifalari tasdiqlangan edi.

    Mazkur qarorga muvofiq, Institut direktori Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Direktor oʻrinbosarlari Institut direktorining tavsiyasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

    Institut Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    Institut tizimida uning ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmalarida ilgʻor ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini oʻtkazish uchun yangi, zamonaviy yuqori texnologik jihozlar bilan jihozlangan hamda yuridik shaxs boʻlmagan Etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi.

    Etnofolklor laboratoriyasi xodimlari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:

    yoʻqolib ketgan noyob nomoddiy madaniy meros namunalari va ular bilan bogʻliq boʻlgan asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlarni qayta tiklash;

    nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarda toʻplangan materiallarni texnologiyalar oʻzgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga oʻtkazib borish hamda audiovizuallashtirish;

    nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar oʻtishi bilan oʻzgarib borishi va kelajakdagi holatini modellashtirish;

    fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va bajarish, madaniyat va sanʼat sohasidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, nomoddiy madaniy merosning noyob elementlarini tadqiq etish va hujjatlashtirish;

    nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda, uning namunalarini aniqlash, roʻyxatlarga kiritish va raqamlashtirish;

    nomoddiy madaniy merosning noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan namunalarini saqlab qolish hamda targʻib etish boʻyicha ijobiy ilmiy-amaliy yechimlar asosida materiallarni raqamlashtirish;

    nomoddiy madaniy merosning barcha yoʻnalishlari boʻyicha grantlar ajratilishini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, tadqiqot ishlariga yosh olimlarni jalb etish;

    YUNESKO, Xalqaro tovush va audiovizual arxivlar assotsiatsiyasi hamda boshqa xalqaro va xorijiy tashkilotlar ekspertlarini jalb etgan holda, arxivda materiallarni ishonchli raqamlashtirish masalasini ilmiy-amaliy jihatdan oʻrganish.

    2024-yil yakuniga kadar:

    Institut xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, mebel va boshqa texnik vositalar bilan jihozlanishi;

    yuqori malakali va tashabbuskor kadrlar bilan toʻldirilishi;

    nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar oʻtishi bilan oʻzgarib borishi va kelajakdagi holati modellashtirilishi;

    nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarda toʻplangan materiallarni texnologiyalar oʻzgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga oʻtkazib borish hamda audiovizuallashtirish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.