Bugun Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti, O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali marosimda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o'rinbosari Nodir Xolbo'tayev, Vazirlar Mahkamasining Ma'naviyat va Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Sobir Shukurov, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tadbirida so'zga chiqqan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, O'zbekiston kompozitorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon va boshqalar O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kunning 30 yilligi bilan barchani muborakbod etdi.
Madhiyaning davlatchilikdagi o'rni, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati, O'zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burxonov va O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovlar tomonidan madhiyamizning yaratilishi bilan bog'liq xotiralarini so'zlab berdi.
Shodiyona aslida erta tongdanoq boshlangan edi. Bayram munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Toshkent shahri ko'chalari bo'ylab “Vatanparvar avtokarvoni” tashkil etildi.
Shuningdek tadbirda ma'naviy-ma'rifiy sohalarda faollik ko'rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhiga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq ta'sis etilgan “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni topshirildi.
“Shuhrating porlasin toki bor jahon!” mavzusida davlat madhiyasini jamoaviy jo'r bo'lib kuylash, “Ranglarda aks etgan Vatan madhi” mavzularidagi tanlovlar, “Vatan madhi yangrar dilimda” onlayn intellektual bellashuvi g'oliblari ham taqdirlandilar.
Munojat Mo'minova