Muhammad Xorazmiy haykali fizika, kimyo va matematika fakultetlari binolari oʻrtasida joylashgan bogʻ hududida oʻrnatildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, Ispaniya ilmiy jamoatchiligi vakillari, talabalar va oʻzbekistonlik vatandoshlar ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir Gʻaniyev oʻz soʻzida buyuk mutafakkir va olim, bobokalonimiz Muhammad Xorazmiy oʻzining kashfiyotlari bilan dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshganini taʼkidladi.

Shuningdek, elchi Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida toʻxtalib, mazkur tizimning asosi boʻlgan maktabgacha taʼlimni rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar, jumladan 2030-yilgacha taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarini yangi pogʻonaga olib chiqish boʻyicha konsepsiyalar qabul qilinganini aytdi.

Komplutense universiteti rektori Xoakin Goyache Goni barcha zamonlarning daholaridan biri, buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy haykali universitetning Bilimlar maydonida oʻrnatilgani va bu oliy taʼlim muassasasi uchun katta sharaf ekanini qayd etdi.

— Xorazmiy haykali barcha talabalar uchun oʻrnak boʻlib xizmat qiladi, shuningdek, buyuk olimning dunyo ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini eslatib turadi, — dedi rektor. — Komplutense universiteti nomidan Oʻzbekiston rahbariyatiga taqdim etilgan yodgorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari oʻzaro munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishning muhim omilidir. Ispaniyaning eng nufuzli universitetida Muhammad Xorazmiy haykali ochilgani Ispaniya-Oʻzbekiston aloqalarining doʻstona mazmunini yana bir bor tasdiqladi.

Rektorning madaniyat, sport va universitetlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Izabel Garsiya Fernandez Muhammad Xorazmiy haykalining ochilgani bir necha yil davomida amalga oshirilgan ishlar samarasi ekanini taʼkidladi.

— Sanʼat professori sifatida shuni ham taʼkidlashni istardimki, haykal oʻz sohasining haqiqiy mutaxassisi tomonidan yaratilgan va u universitetimiz hududiga koʻrk bagʻishladi, — dedi u. — Buyuk olim nafaqat matematik, balki astronom va geograf ham boʻlgan. Muhammad Xorazmiy insoniyatga ​​bebaho meros qoldirgan. Shu maʼnoda uning ilmiy asarlari hammamizga, butun insoniyatga tegishli mulkdir.

Muhammad Xorazmiyning matematika va butun tamaddun taraqqiyotidagi xizmatlari alohida eʼtirof etiladi. Buyuk alloma ismi “algoritm” atamasida muhrlangan, shuningdek, uning asarlaridan biri - “algebra” ham bizga mutafakkir haqida eslatib turadi.