MAGATE rahbari BMT Bosh kotibligiga nomzodini qo'yish niyatida ekanligini ma'lum qildi

    Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbari Rafael Grossi BMT Bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo'yish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

    Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi chog'ida AFP agentligiga bergan interv`yusida Grossi BMTni yangilanish va asosiy tinchlikparvar missiyasiga qaytishga muhtoj tashkilot, deb hisoblashini ta'kidladi, deb yozdi TASS.

    Grossi MAGATEga rahbarlik qilish tajribasi muhim ustunlik ekanini ta'kidladi va turli davlatlar bilan muloqotga intilishiga ishontirdi.

    Amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrishning vakolati 2026-yil 31-dekabrda tugaydi. BMT Bosh kotibi lavozimiga nomzod o'sha yilning oxirida Xavfsizlik Kengashi tomonidan taklif qilinadi va saylangan rahbar o'z vakolatini 2027-yil 1-yanvardan boshlaydi, deb xabar berdi vz.ru.