Shu jumladan olinayotgan tabiiy gaz hajmi:

▪️gaz qazib oluvchi korxonalardan soatiga 5 403 ming metr kub (25-yanvar kuni soat 10.00 holatiga nisbatan 98%);
▪️Gazni yer ostida saqlash inshootlaridan soatiga 850 ming metr kubni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz umumtizimida kuzatilgan elektr energiyasi uzilishlari tufayli “Oʻztransgaz” AJ kompressor stansiyalaridagi ish faoliyati toʻxtab qolgan gaz haydash agregatlarining barchasida ish faoliyati toʻliq tiklandi.

Hozirgi paytda Fargʻona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz uzatuvchi “Ohangaron” KSni ishga tushirish choralari koʻrilmoqda.

Amaldagi issiqlik elektr stansiyalaridan faqatgina Taxiatosh IES tabiiy gaz bilan toʻliq taʼminlanmoqda. Navoiy, Sirdaryo, Tallimarjon, Toshkent va Yangi-Angren IESlarida hozirgacha tabiiy gaz bilan taʼminlanganlik darajasi 50-80% ni tashkil etmoqda. Tabiiy gaz yetkazib berish magistral gaz quvurlariga kirib kelayotgan bosim hajmiga qarab orttirib borilyapti.

Hozircha Fargʻona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz uzatuvchi magistral gaz quvurlarida bosimning yetarli emasligi bois Toʻraqoʻrgʻon IESga tabiiy gaz uzatish yoʻlga qoʻyilgani yoʻq.

Elektr stansiyalariga zaruriy koʻrsatkichlarda tabiiy gazni yetkazib berish maqsadida elektr taʼminoti uzilishi chogʻida ishdan toʻxtatilgan sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hozircha yoʻlga qoʻyilmadi. AGTKSHlariga esa navbati bilan tabiiy gaz uzatila boshlangan.