Joriy yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tomonidan Integral Global Health (IGH) bilan hamkorlikda amaliy trening tashkil etildi.
“Jarayonlarni yaxshilash” metodologiyasi boʻyicha trening ishtirokchilari qanday qilib yoshlarning ilmiy tajribalariga boʻlgan qiziqishini oshirish mumkinligi va boshqa qiziq gʻoyalarni muhokama qildilar.
IGH bir qator yoʻnalishlarda oʻz faoliyatini olib boryapti. Xususan, kompaniya tomonidan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya institutiga, shuningdek, Sanitar-epidemiologik xizmatiga laboratoriya tashxisini nazorat sifatini oshirish uchun texnik koʻmak koʻrsatilyapti.
“Mana shu uch kun ichida biz loyihalarni boshqarish boʻyicha yangi koʻnikmalarga ega boʻldik”, — deb taʼkidlaydi trening ishtirokchisi, Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) Jamoat salomatligi, sogʻliqni saqlashni tashkil etish va boshqarish kafedrasi dotsenti Salima Nazarova.
“Albatta, loyihalarni boshqarish usullari juda koʻp va xilma-xil. Yangi usulning oʻziga xosligi — 7 bosqichdan tarkib topgan boʻlib, biz ularni trening davomida batafsil oʻrganib chiqdik. Natijada guruhimiz tomonidan taʼlim muassasalarida magistrlarning ilmiy tadqiqotlarini yaxshilash va ularni amaliy sogʻliqni saqlashga joriy etish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Magistrlar tadqiqotining bir qismi amaliyotga yetib bormayotgani faqat qogʻozda qolayotgani muammoli masala boʻlib qolyapti. Yoshlarning har bir shunaqangi tadqiqoti tezda koʻrib chiqilishi va ularni amaliyot sogʻliqni saqlashga joriy etish maqsadida baholanishiga OTMlarda, tibbiyot birlashmalarida, pirovard natijada bemorlarda qiziqish katta. Loyihalarni boshqarishning mazkur treningda oʻzlashtirilgan usuli bunda yordam berishi mumkin”, — deb hisoblaydi S. Nazarova.
Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) jamoat salomatligi, sogʻliqni saqlashni tashkil etish va boshqarish kafedrasi mazkur treningda toʻliq tarkibda ishtirok etdi. Kafedra mutaxassislari Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh bolalar infeksionisti, tibbiyot fanlari doktori, ushbu kafedra mudiri Gulnora Xudoykulova rahbarligida hamisha yangi usullarni oʻzlashtirishga tayyor. Va bu juda muhim, chunki aynan ana oʻshalar talabalarga sogʻliqni saqlashda menejment boʻyicha dars beradi, yaʼni zamonaviy sogʻliqni saqlash kabi murakkab mexanizmni boshqarishni oʻrgatadi.
“Bugun sogʻliqni saqlashda oʻzgarishlar koʻp, menejmentda ham oʻzgarishlar bor. Treningda biz oʻzlashtirib olgan usullar bularning hammasini tizimlashtirish va soddalashtirish imkonini beradi. Bunda taqdim etilgan tizimni joriy etish koʻp qirrali reja sanaladi. Uning yordamida sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muammolarini hal etish mumkin. Shuningdek, taʼlim, intizom bilan bogʻliq muammolarini hal etish mumkin. Shunday foydali treningni tashkil etganlaring uchun xursandman va ishda yangi koʻnikmalarni qoʻllashni rejalashtiryapmiz”, — dedi G. Xudoyqulova.
Toshkentdagi Vestminster universitetining (TVMU) “Jamoat salomatligi” kursi rahbari Yevgeniya Shalayevaning fikricha, mazkur dasturdagi har bir bosqich birma-bir yozib chiqilgan. Bu esa bunday loyihalarni loyiha boshqaruvi toʻgʻrisida hech qanday tasavvurga ega boʻlmagan odam uchun ham boshidan tuzish imkonini beradi.
Trening yakuniga Integral Global Health eksperti doktor Brayan Robi ham yaxshi baho berdi. Uning fikricha, ishtirokchilar “Jarayonlarni takomillashtirish” uslubi algoritmini zoʻr qiziqish bilan oʻrgandilar. Endi ular oʻzlari trener boʻlib, boshqalarga bilim oʻzlashtirishlari uchun yordam berishga tayyor. Bu ularga oʻz bilimlarini yoyish, shuningdek, masalalarni hal etgan holda, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilashga yordam beradi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.