Magnit bo'roni shuningdek yo'ldosh aloqasi, elektr qurilmalari, internet va mobil aloqasiga ham ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bu tabiat hodisasi aslida nima va u qanchalik xavotirli?
Hodisa mohiyati
Quyoshdan asosan chaqnash natijasida taraqaladigan zaryadlangan zarralar sekundiga 400 kilometr tezlikda Yerning magnit maydoniga kirib kelishi mumkin. Quyosh shamoli bu maydon chegarasiga duch kelganda bizni bu zaryadlangan zarralardan himoya qiladigan magnitosfera bilan to'qnashadi. Biroq quyosh shamoli juda kuchli bo'lsa yoki aniq bir yo'nalish bo'yicha tarqalganda magnitosferaga kira oladi va Yer magnit maydonida vaqtinchalik o'zgarishni yuzaga keltiradi. Quyosh shamoli va magnitosfera qatlamining bunday o'zaro ta'sirlashuvi “magnit bo'roni” deb yuritiladi.
Inson salomatligiga ta'siri
Magnit bo'ronining salomatlikka qanchalik ta'sir ko'rsatishi borasida mutaxassislar fikri va bahosi aynan bir xil emas. Masalan, ekspert E.Stetsyura shunday fikr bildiradi: “Ko'pchilik gapirayotgan magnit bo'ronining xatarlilik darajasi ancha oshirib yuborilgan. Biznes-psixolog sifatida men bunday omillarning ta'sirini faqat jismoniy salomatlik nuqti naziradngina emas, bu hodisa bizning psixologik-hissiy holatimiz va kundalik ish samaradorligimizda qanday aks etishi jihatidan ham baholayman”.
Ekspert so'zlariga ko'ra, shuni tushunish muhimki, ko'pchilik uchun magnit bo'roni jiddiy xavf tug'dirmaydi. Bu borada stressga tushgan yoki yurak-qon tomir tizimida muammosi borlar noxushlik hissini boshidan kechiradi. Bunday davrda haqiqatan bosh og'rig'i, horg'inlik kuchayishi mumkin. Biroq bu belgilar nafaqat magnit bo'roni bilan, shuningdek organizmning umumiy ahvoli va o'zgarishlarga nisbatan odam moslashishga tayyor emasligi bilan ham bog'liq.
Keksalar uchun pansionatlar tarmog'i boshqaruvchisi, feldsher N. Blan fikriga ko'ra magnit bo'roni odamning kayfiyatiga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Magnit maydonidagi o'zgarishlar yurak-qon tomir va asab tizimi faoliyati buzilishiga sabab bo'ladi.
Mutaxassislar magnit bo'ronining odam organizmiga ta'siriga oid yaqqol belgilar sifatida kuchli bosh og'rig'i, uyqusizlik, yomon kayfiyat, ko'ngil aynishini ko'rsatib o'tadi. Bu kabi noxush holatlardan qutilish uchun shifokorlar og'riq qoldiruvchi dori, tinchlantiruvchi dori qabul qilish, atrofdan imkon qadar ijobiy holatlarni ko'rish, vaqtida dam olishni maslahat beradi, deyiladi ria.ru xabarida.








