Ushbu tarixiy hujjat bilan Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi ham tasdiqlandi.

Mazkur dasturlar ilgʻor xorijiy taj­riba, zamonaviy boshqaruv standartlari va milliy taraqqiyot ehtiyojlari asosi­da mutlaqo yangi yondashuv ruhida ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir. Ularda davlat siyosatining joriy yil uchun bel­gilab berilgan ustuvor yoʻnalishlari, aniq maqsadli koʻrsatkichlari va ularga erishishning puxta oʻylangan mexanizmla­ri mujassam. Eng muhimi, ushbu hujjat­lar mahallaga shunchaki ijtimoiy insti­tut sifatida emas, balki taraqqiyotning tayanch nuqtasi sifatida qaralayotganidan dalolat

Kengashli toʻy tarqamas

Xalqimiz ming yillar davomida ushbu hikmatga qatʼiy amal qilib kelgan. Zero, maslahat va birdamlik bilan qilingan ish barqaror, tartibli va barakali boʻladi. “Toʻy” soʻzi esa umumiy — katta ish, tadbir, jamoaviy harakat degan maʼnoda qoʻllan­gan. Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham “Temur tuzuklari”da saltanat ishlarining oʻndan toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan bajarganini alohida taʼ­kidlagani bejiz emas. Demak, buyuk davlat­chilik anʼanamizda aql, maslahat va jamoa­viy fikr ustuvor oʻrin tutgan.

Bugun ana shu ezgu tamoyil yangicha maʼ­no-mazmun kasb etmoqda. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq davlat boshqaruvida ochiqlik va maslahatlashuvni bosh mezonga aylantirdi. Endi muhim qarorlar tor doirada emas, balki jamoatchilik ishtirokida muhokama etilib, qabul qilinmoqda. Hatto qonun va qonunos­ti hujjatlar loyihalari Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilib, fuqarolarning fikr-mu­lohazalari, taklif va eʼtirozlari oʻrganil­moqda. Bu — “kengashli toʻy”ning zamonaviy koʻrinishi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Chunki yaqin oʻtmishda mamlakat hayoti bi­lan bogʻliq muhim qarorlar, ayrim qonun va qonunosti hujjatlar muayyan “kabinet”­larda, cheklangan doirada, baʼzan alohida shaxslarning xohish-irodasi bilan qabul qilingan. Bunday hujjatlar esa toʻlaqonli boʻlmagan, kutilgan samarani bermagan, oʻz navbatida, ijroda ham muammolarga sabab boʻlgan. Yangi davr esa butunlay boshqa talab­ni qoʻymoqda: davlat — xalq uchun, qaror — xalq bilan birga qabul qilinishi shart.

Shu maʼnoda, bugungi islohotlar zamiri­da xalq donishmandligining oʻsha qadimiy hikmati mujassam: kengash bilan qilingan ish tarqamaydi, xalq bilan qabul qilingan qaror mustahkam boʻladi.

Buning tasdigʻi sifatida farmon lo­yihasi ham dastlab Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylash­tirilib, butun mamlakat jamoatchiligi muhokamasidan oʻtkazildi. 23-yanvar — 1-fevral kunlari ommaviy axborot vosita­lari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 mil­liondan ziyod foydalanuvchi tanishib, bu boʻyicha 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflarni bildirdi.

Bundan tashqari, OTMlar va davlat ido­ralarida, AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistondagi vatandoshlar ishtirokida bahs-munozaralar tashkil eti­lib, qoʻshimcha takliflar olindi.

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi ta­shabbusi bilan respublikamizdagi 8992 ta mahallada ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan farmon loyihasi muhokamasida aholining turli qatlamlari oʻz qarash va istaklarini erkin bildirish imkoniyatiga ega boʻldi.

Uchrashuvlarda aholi farmon loyihasida belgilangan chora-tadbirlar, ayniqsa, mahal­la mablagʻi sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlik­ni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va velosiped yoʻlaklarini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvat­ladi. Eng muhimi, yurtdoshlarimiz mamla­katimiz kelajagiga daxldor masalalarga befarq emasligini amalda namoyon etdi. Ular bildirgan taklif va mulohazalar loyihani yanada takomillashtirish, hayot talablari va aholi ehtiyojlariga yanada moslashtirishga xizmat qildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab oli­nib, loyihaga kiritildi. Bu, oʻz navbatida, xalqimiz islohotlar jarayonida faol ish­tirok etayotgani va mamlakat taraqqiyoti­ga daxldor qarorlar qabul qilinishida oʻz masʼuliyatini teran anglayotganining yorqin ifodasidir.

Har bir raqam ortida inson taqdiri mujassam

“Odamlarni qiynayotgan muammolar­ga mahallaning oʻzida yechim topadigan chinakam xalqchil tizim yaratish mening eng katta niyatim hisoblanadi”, deya yozgan edi Prezidentimiz “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobida. Bu soʻzlar oddiy gap emas, balki davlat boshqaruvi falsa­fasining tub mohiyatini anglatadi. Chunki insonning dardini uning oʻzi yashab turgan muhit — mahalla yaxshi his etadi.

Bugun mahalla faqat maʼnaviy tarbiya oʻchogʻi emas, balki muammolarni tezkor hal etuvchi tayanch nuqtaga aylanmoqda. Zero, far­monda mahallani rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlar­ning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Ma­hallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tu­shirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrnini ochish, kambagʻallik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3500 taga yetkazish, mahallalar infratuzilmasini takomillash­tirishga 20 trillion soʻm yoʻnaltirib, ular­ga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, mahallalardagi muammolarni bir vaqtning oʻzida tezkor hal etishda barcha davlat or­ganlariga masʼuliyatni yuklab, ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish shular jumlasidan.

Ushbu raqamlar shunchaki statistik koʻrsatkichlar emas. Har birining ortida Prezidentimiz boshchiligidagi jamoaning tunu kun izlanishi, puxta hisob-kitobi va katta masʼuliyati mujassam. Bular oddiy ra­qamlar emas, balki minglab oilaning dastur­xoni toʻkin, yoshlar ishli, mahallalar obod va farovon boʻladi degani.

Eng muhimi, har bir raqam ortida inson taqdiri, har bir reja ortida yurt kelaja­gi turibdi. Bu — yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi aniq qadamlar, xalq faro­vonligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy irodaning ifodasi. Shu bois, bu koʻrsatkich­lar faqat iqtisodiy maqsad sifatida emas, balki xalq ishonchi, ertangi kunga umid va masʼuliyat ramzi sifatida qadrlidir.

Barqaror muvaffaqiyat asosi

Bugun mamlakatimizdagi islohotlar markazida inson manfaati, farovon hayoti va munosib turmush sharoiti turibdi. Shu maʼnoda, Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekis­ton qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi joylarda muammolarni kutmasdan hal etadigan, taraqqiyotni mahal­laning oʻzida boshlaydigan yangi boshqaruv modeliga oʻtishning amaliy ifodasidir.

Mahallaning iqtisodiy qudrati oshmas ekan, ijtimoiy barqarorligi va aholi fa­rovonligini taʼminlash mushkul. Shu bois, dasturda mahallada sanoat va xizmat koʻrsa­tish loyihalarini amalga oshirish belgi­lanib, uni mahallaning haqiqiy taraqqiyot nuqtasiga aylantirishga qaratilgan strate­gik qadam sifatida namoyon boʻlmoqda.

Jumladan, mahallalar hududida qonunchi­likda belgilangan tartibda ishlab chiqarish korxonalari va xizmat koʻrsatish nuqtalari­ni tashkil etish uchun kredit mablagʻlarini ajratishga jami 5 trillion soʻm yoʻnalti­rish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur maqsadlarda tadbirkorlik subyektlari uchun ajratiladigan kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha boʻlgan qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan qoplab berilishi nazarda tutilmoqda.

Natijada yil yakuniga qadar 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali mahal­lalarda qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrni ochiladi. Bu esa mahallani nafaqat yashash manzili, balki barqaror daromad manbai, tashabbus va imkoniyatlar makoniga aylanti­radi.

Inson muammosi quruq statistika emas, balki tirik taqdirdir. Shu bois, dasturda mahallalarda aholi muammolarini xonadon­bay oʻrganish va davlat organlari tomonidan ularning hal etilishini onlayn nazorat qi­lish tartibini joriy etish koʻzda tutilmoq­da. Ushbu tizimga koʻra, “mahalla yettiligi” vakillari har bir xonadondagi muammolar­ni reja-jadval asosida oʻrganib, aniqlangan masalalarni “raqamli mahalla” platforma­siga kiritadi. Keyin esa ushbu muammolar sunʼiy intellekt orqali tegishli vazirlik va idoralarga taqsimlanadi hamda ular hal etilmaguncha ijro holati Vazirlar Mahka­masi tomonidan qatʼiy nazorat qilinadi.

Shu bilan birga, aholining aniqlangan muammolarini hal etish darajasi vazirlik va idoralar rahbariyati faoliyatini baho­lashning asosiy mezonlaridan biri sifa­tida belgilandi. Xonadonbay aniqlangan muammolar ijrosi Hisob palatasi va Bosh­qaruv samaradorligi agentligi tomonidan nazorat qilinadi hamda har chorakda Oʻzbe­kiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.

Bu bilan aholining barcha muammosini hal etishni bir vaqtning oʻzida tegishli idoraga yuklash va natijasi boʻyicha aniq muddatda soʻ­rov qilish tizimi shakllanadi. 100 dan ziyod davlat organining aholi muammolarini hal etishdagi toʻgʻridan toʻgʻri ishtiroki taʼmin­lanadi. Onlayn nazorat va sunʼiy intellekt asosida muvofiqlashtirilgan mazkur mexa­nizm murojaatlarni ortiqcha sarsongarchi­liksiz, belgilangan muddat va aniq masʼuliyat bilan hal etish imkonini beradi.

Mahalladagi islohotlarning samarasi, avvalo, uni amalga oshirayotgan kadrlarning masʼuliyati va vakolatlarini aniq belgi­lashga bogʻliq. Shuni inobatga olgan holda, dasturda “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish jarayonlarini isloh qilish masalasi ham nazarda tutilgan. Unga koʻra, 500 ta mahallada sinov tariqasida “mahalla yettiligi” vakillarini ularning oʻzi istiqo­mat qilayotgan va yondosh mahalladan tayin­lash amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” aʼzo­larini yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish faqat fuqarolar yigʻini raisi­ning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ular­ga vazifa va faoliyat yoʻnalishlariga daxldor boʻlmagan vazifalarni yuklash qatʼiy taqiq­lanadi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan mazkur talabni buzgani uchun davlat organlari va tashkilotlari masʼul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavo­zimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo chorala­rini qoʻllash yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiri­tib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Pirovard natijada “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etishda fuqarolar yi­gʻini raisining roli sezilarli darajada oshadi, tayinlov jarayonida hududning real holatini yaxshi biladigan mutaxassislarni saralash imkoniyati kengayadi. Ularning va­kolatlari aniq belgilab qoʻyilishi orqali ortiqcha vazifalar yuklanishiga chek qoʻyila­di, huquqiy asoslar mustahkamlanadi. Eng muhimi, mahallada boshqaruv tizimi tartib­li, masʼuliyatli va natijaga yoʻnaltirilgan shaklga keladi.

Xulosa qilib aytganda, oʻnta banddan ibo­rat mazkur dastur mahallani oddiy maʼmu­riy boʻgʻin emas, balki iqtisodiy oʻsish, ij­timoiy barqarorlik va adolatli boshqaruv markaziga aylantirishni koʻzlaydi. Har bir qaror ortida inson taqdiri, har bir raqam zamirida oila farovonligi mujassam ekani esa ushbu islohotlarning strategik va china­kam xalqchil ahamiyatini yana bir bor tasdiq­laydi.

Keng koʻlamli vazifalar yuksak masʼuliyatni talab etadi

Farmon hamda u bilan tasdiqlangan Mahalla infratuzilmasini yanada tako­millashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturida belgilangan vazifa­lar koʻlami gʻoyat keng va masʼuliyatlidir. Mahallalarda minglab ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish, yuz minglab yangi ish oʻrinlarini ochish, kambagʻallikni qisqartirish, infra­tuzilmani takomillashtirish, muammolar­ni xonadonbay oʻrganish, raqamli nazorat va sunʼiy intellekt asosida boshqaruv tizimini joriy etish — bularning barcha­si mahallaning faqat ijtimoiy institut emas, balki strategik rivojlanish marka­ziga aylanayotganidan dalolat beradi.

Bu jarayonda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlarining masʼuliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki mahalla­dagi har bir tashabbus, har bir islohot, av­valo, joylardagi amaliy ijro va tashkiliy salohiyatga bogʻliq. Uyushma, “mahalla yettili­gi” aʼzolari nafaqat ijrochi, balki davlat va jamoatchilik oʻrtasida tashkiliy kuch sifati­da namoyon boʻlishi lozim. Ulardan faqat inti­zom va masʼuliyat emas, balki tashabbuskorlik, adolat va xolislik ham talab etiladi.

Vazifalar koʻlamining kengligi har bi­rimizdan oʻz ishimizga yangicha yondashuvni, raqamli koʻnikmalarni egallashni, aholi bilan ishlash madaniyatini yanada yuksalti­rishni taqozo etadi. Chunki mahalla tizi­midagi har bir xatti-harakat butun davlat siyosati samaradorligiga taʼsir koʻrsatadi. Agar joylarda ish tizimli va natijador tashkil etilsa, eng puxta reja ham hayotda oʻz samarasini beradi. Aks holda, eng yaxshi gʻoya ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Shu maʼnoda, mahalla xodimlarining fidoyiligi, masʼuliyati va kasbiy mahora­ti yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omilidir. Chunki mahalla — bu shunchaki hududiy birlik emas, balki inson taqdiri hal etiladigan, ishonch mustahkamlanadigan, adolat qaror topadigan maskan.

Qahramon QURONBOYEV,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi,

siyosiy fanlar doktori, professor