Ushbu tarixiy hujjat bilan Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi ham tasdiqlandi.
Mazkur dasturlar ilgʻor xorijiy tajriba, zamonaviy boshqaruv standartlari va milliy taraqqiyot ehtiyojlari asosida mutlaqo yangi yondashuv ruhida ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir. Ularda davlat siyosatining joriy yil uchun belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlari, aniq maqsadli koʻrsatkichlari va ularga erishishning puxta oʻylangan mexanizmlari mujassam. Eng muhimi, ushbu hujjatlar mahallaga shunchaki ijtimoiy institut sifatida emas, balki taraqqiyotning tayanch nuqtasi sifatida qaralayotganidan dalolat
Kengashli toʻy tarqamas
Xalqimiz ming yillar davomida ushbu hikmatga qatʼiy amal qilib kelgan. Zero, maslahat va birdamlik bilan qilingan ish barqaror, tartibli va barakali boʻladi. “Toʻy” soʻzi esa umumiy — katta ish, tadbir, jamoaviy harakat degan maʼnoda qoʻllangan. Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham “Temur tuzuklari”da saltanat ishlarining oʻndan toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan bajarganini alohida taʼkidlagani bejiz emas. Demak, buyuk davlatchilik anʼanamizda aql, maslahat va jamoaviy fikr ustuvor oʻrin tutgan.
Bugun ana shu ezgu tamoyil yangicha maʼno-mazmun kasb etmoqda. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq davlat boshqaruvida ochiqlik va maslahatlashuvni bosh mezonga aylantirdi. Endi muhim qarorlar tor doirada emas, balki jamoatchilik ishtirokida muhokama etilib, qabul qilinmoqda. Hatto qonun va qonunosti hujjatlar loyihalari Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari, taklif va eʼtirozlari oʻrganilmoqda. Bu — “kengashli toʻy”ning zamonaviy koʻrinishi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Chunki yaqin oʻtmishda mamlakat hayoti bilan bogʻliq muhim qarorlar, ayrim qonun va qonunosti hujjatlar muayyan “kabinet”larda, cheklangan doirada, baʼzan alohida shaxslarning xohish-irodasi bilan qabul qilingan. Bunday hujjatlar esa toʻlaqonli boʻlmagan, kutilgan samarani bermagan, oʻz navbatida, ijroda ham muammolarga sabab boʻlgan. Yangi davr esa butunlay boshqa talabni qoʻymoqda: davlat — xalq uchun, qaror — xalq bilan birga qabul qilinishi shart.
Shu maʼnoda, bugungi islohotlar zamirida xalq donishmandligining oʻsha qadimiy hikmati mujassam: kengash bilan qilingan ish tarqamaydi, xalq bilan qabul qilingan qaror mustahkam boʻladi.
Buning tasdigʻi sifatida farmon loyihasi ham dastlab Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylashtirilib, butun mamlakat jamoatchiligi muhokamasidan oʻtkazildi. 23-yanvar — 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, bu boʻyicha 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflarni bildirdi.
Bundan tashqari, OTMlar va davlat idoralarida, AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistondagi vatandoshlar ishtirokida bahs-munozaralar tashkil etilib, qoʻshimcha takliflar olindi.
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan respublikamizdagi 8992 ta mahallada ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan farmon loyihasi muhokamasida aholining turli qatlamlari oʻz qarash va istaklarini erkin bildirish imkoniyatiga ega boʻldi.
Uchrashuvlarda aholi farmon loyihasida belgilangan chora-tadbirlar, ayniqsa, mahalla mablagʻi sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va velosiped yoʻlaklarini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi. Eng muhimi, yurtdoshlarimiz mamlakatimiz kelajagiga daxldor masalalarga befarq emasligini amalda namoyon etdi. Ular bildirgan taklif va mulohazalar loyihani yanada takomillashtirish, hayot talablari va aholi ehtiyojlariga yanada moslashtirishga xizmat qildi.
Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, loyihaga kiritildi. Bu, oʻz navbatida, xalqimiz islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgani va mamlakat taraqqiyotiga daxldor qarorlar qabul qilinishida oʻz masʼuliyatini teran anglayotganining yorqin ifodasidir.
Har bir raqam ortida inson taqdiri mujassam
“Odamlarni qiynayotgan muammolarga mahallaning oʻzida yechim topadigan chinakam xalqchil tizim yaratish mening eng katta niyatim hisoblanadi”, deya yozgan edi Prezidentimiz “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobida. Bu soʻzlar oddiy gap emas, balki davlat boshqaruvi falsafasining tub mohiyatini anglatadi. Chunki insonning dardini uning oʻzi yashab turgan muhit — mahalla yaxshi his etadi.
Bugun mahalla faqat maʼnaviy tarbiya oʻchogʻi emas, balki muammolarni tezkor hal etuvchi tayanch nuqtaga aylanmoqda. Zero, farmonda mahallani rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrnini ochish, kambagʻallik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3500 taga yetkazish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion soʻm yoʻnaltirib, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, mahallalardagi muammolarni bir vaqtning oʻzida tezkor hal etishda barcha davlat organlariga masʼuliyatni yuklab, ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish shular jumlasidan.
Ushbu raqamlar shunchaki statistik koʻrsatkichlar emas. Har birining ortida Prezidentimiz boshchiligidagi jamoaning tunu kun izlanishi, puxta hisob-kitobi va katta masʼuliyati mujassam. Bular oddiy raqamlar emas, balki minglab oilaning dasturxoni toʻkin, yoshlar ishli, mahallalar obod va farovon boʻladi degani.
Eng muhimi, har bir raqam ortida inson taqdiri, har bir reja ortida yurt kelajagi turibdi. Bu — yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi aniq qadamlar, xalq farovonligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy irodaning ifodasi. Shu bois, bu koʻrsatkichlar faqat iqtisodiy maqsad sifatida emas, balki xalq ishonchi, ertangi kunga umid va masʼuliyat ramzi sifatida qadrlidir.
Barqaror muvaffaqiyat asosi
Bugun mamlakatimizdagi islohotlar markazida inson manfaati, farovon hayoti va munosib turmush sharoiti turibdi. Shu maʼnoda, Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi joylarda muammolarni kutmasdan hal etadigan, taraqqiyotni mahallaning oʻzida boshlaydigan yangi boshqaruv modeliga oʻtishning amaliy ifodasidir.
Mahallaning iqtisodiy qudrati oshmas ekan, ijtimoiy barqarorligi va aholi farovonligini taʼminlash mushkul. Shu bois, dasturda mahallada sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish belgilanib, uni mahallaning haqiqiy taraqqiyot nuqtasiga aylantirishga qaratilgan strategik qadam sifatida namoyon boʻlmoqda.
Jumladan, mahallalar hududida qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqarish korxonalari va xizmat koʻrsatish nuqtalarini tashkil etish uchun kredit mablagʻlarini ajratishga jami 5 trillion soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur maqsadlarda tadbirkorlik subyektlari uchun ajratiladigan kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha boʻlgan qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan qoplab berilishi nazarda tutilmoqda.
Natijada yil yakuniga qadar 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali mahallalarda qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrni ochiladi. Bu esa mahallani nafaqat yashash manzili, balki barqaror daromad manbai, tashabbus va imkoniyatlar makoniga aylantiradi.
Inson muammosi quruq statistika emas, balki tirik taqdirdir. Shu bois, dasturda mahallalarda aholi muammolarini xonadonbay oʻrganish va davlat organlari tomonidan ularning hal etilishini onlayn nazorat qilish tartibini joriy etish koʻzda tutilmoqda. Ushbu tizimga koʻra, “mahalla yettiligi” vakillari har bir xonadondagi muammolarni reja-jadval asosida oʻrganib, aniqlangan masalalarni “raqamli mahalla” platformasiga kiritadi. Keyin esa ushbu muammolar sunʼiy intellekt orqali tegishli vazirlik va idoralarga taqsimlanadi hamda ular hal etilmaguncha ijro holati Vazirlar Mahkamasi tomonidan qatʼiy nazorat qilinadi.
Shu bilan birga, aholining aniqlangan muammolarini hal etish darajasi vazirlik va idoralar rahbariyati faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri sifatida belgilandi. Xonadonbay aniqlangan muammolar ijrosi Hisob palatasi va Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan nazorat qilinadi hamda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.
Bu bilan aholining barcha muammosini hal etishni bir vaqtning oʻzida tegishli idoraga yuklash va natijasi boʻyicha aniq muddatda soʻrov qilish tizimi shakllanadi. 100 dan ziyod davlat organining aholi muammolarini hal etishdagi toʻgʻridan toʻgʻri ishtiroki taʼminlanadi. Onlayn nazorat va sunʼiy intellekt asosida muvofiqlashtirilgan mazkur mexanizm murojaatlarni ortiqcha sarsongarchiliksiz, belgilangan muddat va aniq masʼuliyat bilan hal etish imkonini beradi.
Mahalladagi islohotlarning samarasi, avvalo, uni amalga oshirayotgan kadrlarning masʼuliyati va vakolatlarini aniq belgilashga bogʻliq. Shuni inobatga olgan holda, dasturda “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish jarayonlarini isloh qilish masalasi ham nazarda tutilgan. Unga koʻra, 500 ta mahallada sinov tariqasida “mahalla yettiligi” vakillarini ularning oʻzi istiqomat qilayotgan va yondosh mahalladan tayinlash amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” aʼzolarini yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish faqat fuqarolar yigʻini raisining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ularga vazifa va faoliyat yoʻnalishlariga daxldor boʻlmagan vazifalarni yuklash qatʼiy taqiqlanadi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan mazkur talabni buzgani uchun davlat organlari va tashkilotlari masʼul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiritib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Pirovard natijada “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etishda fuqarolar yigʻini raisining roli sezilarli darajada oshadi, tayinlov jarayonida hududning real holatini yaxshi biladigan mutaxassislarni saralash imkoniyati kengayadi. Ularning vakolatlari aniq belgilab qoʻyilishi orqali ortiqcha vazifalar yuklanishiga chek qoʻyiladi, huquqiy asoslar mustahkamlanadi. Eng muhimi, mahallada boshqaruv tizimi tartibli, masʼuliyatli va natijaga yoʻnaltirilgan shaklga keladi.
Xulosa qilib aytganda, oʻnta banddan iborat mazkur dastur mahallani oddiy maʼmuriy boʻgʻin emas, balki iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy barqarorlik va adolatli boshqaruv markaziga aylantirishni koʻzlaydi. Har bir qaror ortida inson taqdiri, har bir raqam zamirida oila farovonligi mujassam ekani esa ushbu islohotlarning strategik va chinakam xalqchil ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Keng koʻlamli vazifalar yuksak masʼuliyatni talab etadi
Farmon hamda u bilan tasdiqlangan Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturida belgilangan vazifalar koʻlami gʻoyat keng va masʼuliyatlidir. Mahallalarda minglab ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish, yuz minglab yangi ish oʻrinlarini ochish, kambagʻallikni qisqartirish, infratuzilmani takomillashtirish, muammolarni xonadonbay oʻrganish, raqamli nazorat va sunʼiy intellekt asosida boshqaruv tizimini joriy etish — bularning barchasi mahallaning faqat ijtimoiy institut emas, balki strategik rivojlanish markaziga aylanayotganidan dalolat beradi.
Bu jarayonda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlarining masʼuliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki mahalladagi har bir tashabbus, har bir islohot, avvalo, joylardagi amaliy ijro va tashkiliy salohiyatga bogʻliq. Uyushma, “mahalla yettiligi” aʼzolari nafaqat ijrochi, balki davlat va jamoatchilik oʻrtasida tashkiliy kuch sifatida namoyon boʻlishi lozim. Ulardan faqat intizom va masʼuliyat emas, balki tashabbuskorlik, adolat va xolislik ham talab etiladi.
Vazifalar koʻlamining kengligi har birimizdan oʻz ishimizga yangicha yondashuvni, raqamli koʻnikmalarni egallashni, aholi bilan ishlash madaniyatini yanada yuksaltirishni taqozo etadi. Chunki mahalla tizimidagi har bir xatti-harakat butun davlat siyosati samaradorligiga taʼsir koʻrsatadi. Agar joylarda ish tizimli va natijador tashkil etilsa, eng puxta reja ham hayotda oʻz samarasini beradi. Aks holda, eng yaxshi gʻoya ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Shu maʼnoda, mahalla xodimlarining fidoyiligi, masʼuliyati va kasbiy mahorati yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omilidir. Chunki mahalla — bu shunchaki hududiy birlik emas, balki inson taqdiri hal etiladigan, ishonch mustahkamlanadigan, adolat qaror topadigan maskan.
Qahramon QURONBOYEV,
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi,
siyosiy fanlar doktori, professor