“Mahalla bankiri” – mahalladagi bunyodkor kuch

    Mahalla azaldan xalqimiz uchun mehr-muruvvat, xayr-saxovat markazi boʻlib kel­gan. Keyingi 8-9 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli va aniq manzilli islohotlar natijasida mahalla bugunga kelib tadbirkorlik, biznes gʻoyalar va loyihalar markaziga aylandi.

    Aynan shu davrda davlatimiz rahba­rining tashabbusi bilan kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlikni bartaraf etish­ning asosiy vositasi sifatida mahallabay ishlash tizimiga asos solindi. Aholini, ayniqsa, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, oila xoʻjaliklarida biznes tashkil etishiga koʻmaklashish, ehtiyojmand fuqaro­lar bilan manzilli ishlash, bir soʻz bilan aytganda, xalqni rozi qilish bu tizimning pirovard maqsadidir.

    Prezidentimiz mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida mahallabay ishlash tizimining maqsadi va muhim ahamiyati haqida toʻxta­lib, jumladan, shunday dedilar: “Yurti­miz aholisi yiliga oʻrtacha 700-800 ming kishiga koʻpaymoqda. Mehnat bozoriga har yili 500-600 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. Buncha odamni oʻqitish, kasb-hunarli qilish, ularga ish topib berish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Buning uchun muntazam ishlaydigan tizim, kafo­latli investitsiya va infratuzilma kerak.

    Shuni oldindan chuqur oʻylab, biz bu yoʻnalishda aniq dasturlarni qabul qildik. Biz mahallagacha tushib, oʻzini oʻzi band qil­gan tadbirkordan tortib, yirik biznesgacha — barchasini alohida yondashuv asosida qoʻl­lab-quvvatlash boʻyicha tizim barpo etdik”.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida 2026-yilga qadar kambagʻallikni 2022-yil­ga nisbatan 2 barobar, 2030-yilga qadar esa keskin qisqartirish koʻzda tutilgan. Aytish joizki, kambagʻallikka tushish xavfi mav­jud 4,5 million kishi daromadini oshirish kabi ustuvor maqsadlarga erishishda aynan mahallabay ishlash tizimi muhim oʻrin tu­tadi.

    Prezidentimiz raisligida 2024-yil 16-dekabr kuni banklar ishtirokida mahal­lalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor va­zifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu boradagi yangi imkoniyatlar va rejalar muhokama qi­lingandi. Xususan, oxirgi 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming kishi kreditini vaqtida qaytarib, daromad­li biznesga ega boʻlgani va ulardan 58 mingi yangi korxona ochgani qayd etilib, respubli­ka tijorat banklari zimmasiga mana shun­day sinovdan oʻtgan mijozlarni qoʻllab-quv­vatlash, kichik va oʻrta biznes darajasiga olib chiqish vazifasi yuklatildi.

    Shuningdek, 60 ta ilgʻor shahar hamda tuman ishsizlik va kambagʻallikdan xoli boʻlish imkoniyatiga ega ekani, buning uchun 2025-yilda ulardagi 2 million kishini band qilib, 417 ming oilani kambagʻallik­dan olib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Ho­kimliklar bilan banklarning mahallalarda muvofiq ishlash tizimi koʻrsatib oʻtildi. Bunda tuman hokimlari loyihani joy va infratuzilma bilan taʼminlash majbu­riyatini olishi, banklar esa tadbirkorlar loyihalariga koʻmaklashib, muammosini hal etishi, ishsizlarni biznesga jalb qilishi belgilandi. Shu maqsadda hududlarda mahal­la bankirlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.

    Mazkur yigʻilishda koʻrib chiqilgan ma­salalar chuqur tahlil va aniq hisob-kitoblarga asoslangan edi. Shuning barobarida qoʻyilgan dolzarb vazifalar mahallabay ishlash tizimida yangi bosqich boshlanayotga­nini anglatardi. Bu bosqich kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etishga doir yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va tatbiq etishni taqozo etardi.

    Mahalla bankirlari instituti aynan mana shu omil samarasi oʻlaroq, mahalla sa­lohiyatini yuzaga chiqarishda yangi bunyodkor kuch sifatida maydonga keldi.

    Mahalla bankiri kim?

    Mahallada tadbirkorlik qilish imko­niyati yildan yilga kengayib bormoqda. “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvat­lash”, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlan­tirish”, “Mahalla loyihasi”, “Biznesga birinchi qadam”, tadbirkor ayollarni qoʻl­lab-quvvatlash “Hamroh” dasturi va boshqa qator dasturlar qabul qilinishi bilan bu yoʻnalishda yangi imkoniyatlar paydo boʻldi. Bu dasturlarning har birida tadbirkorlik faoliyati uchun oʻziga xos qulayliklar va alohida imtiyozlar belgilangan.

    Tan olishimiz kerak, bu imkoniyatlardan aholining barcha qatlami ham birdek xabardor emas. Odamlar orasida tadbirkorlik gʻoyala­rini va davlat dasturlarida koʻzda tutilgan qulayliklarni targʻib qilish holati bugungi kun talablariga toʻla javob bermaydi.

    Ilgari mahalla tizimida hududdagi biznes imkoniyatlarini oʻrganadigan, odamlarning gʻoyalari va qobiliyatini loyihalarga aylanti­radigan masʼul shaxs yoʻq edi.

    Bundan tashqari, tijorat banklarining ishlash uslublari eskicha — mijozga yoʻnal­magan edi. Bank xodimlari asosan oʻz ofis­larida mijozlar bilan ishlardi. Aksariyat hollarda ular faqat murojaat qilgan tad­birkorlarning loyihalarini koʻrib chiqar va moliyalashtirardi. Chunki tijorat banklari­ning tashkiliy tuzilmalarida uyma-uy yurib, xonadonbay ishlab, tadbirkorlik qilish is­tagida boʻlgan fuqarolarni aniqlab, topib, bankning yangi mijoziga aylantiradigan mu­taxassislar avval boʻlmagan.

    Biror-bir gʻoyani biznesga aylantirish uchun fuqaro, albatta, issiqda yoki sovuqda yoʻl bosib, tuman markazidagi bank idorasiga bo­rishi, tegishli mutaxassisga murojaat qili­shi lozim edi. Oʻsha vaqtlarda bunga hamma ham hafsala qilmasdi. Bankka borgan fuqaroning masalasi doim ham tez bitmasdi — sansalor­lik bor edi. Mazkur murojaat kunlarni, baʼ­zida oylarni talab etardi. Aholiga koʻpincha bu malol kelar, norozi boʻlardi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan vujudga kelgan mahalla bankirlari aynan mana shu boʻshliqlarni toʻldirdi. Bu bilan, birin­chidan, loyiha tijorat banklarini xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Boshqacha aytganda, banklar oʻz ofisidan tashqariga chiqdi.

    Ikkinchidan, aholining tijorat bankla­riga munosabati keskin oʻzgardi. Fuqarolar­da banklarga ishonch oshdi, aholi va banklar oʻrtasidagi jarlik yoʻqoldi.

    Uchinchidan, mahallada tijorat banklari uchun yangi mijozlar oqimi vujudga keldi. Banklar orasida har bir mijoz uchun kurash, sogʻlom raqobat muhiti paydo boʻldi.

    Toʻrtinchidan, mahalla bankirlari vosi­tasida mahallalardagi tadbirkorlik sa­lohiyati, mavjud imkoniyatlar kengroq yuza­ga chiqa boshladi. Avval biznes boshlash va kredit olishga ikkilanib yurgan fuqarolar harakatga kelib, yangi tadbirkorlar avlodi­ga aylanmoqda.

    Beshinchidan, hududlarning iqtisodiy faolligi oshdi. Mahallalarda yangi ish oʻrinlari, qoʻshimcha daromad manbalari va ishlab chiqarish quvvatlari paydo boʻlmoqda.

    Oʻtgan qisqa muddatda mahalla bankirlari aholining eng yaqin maslakdoshi va moliyaviy koʻmakchisiga aylanib ulgurdi. Mahalla ban­kirini tom maʼnoda “mahalladagi bunyodkor kuch” deyish mumkin. Chunki uning asosiy maqsadi hududda aholi bandligini taʼmin­lash va tadbirkorlikka jalb qilish ishla­rini bajarish hamda shu orqali ishsizlik va kambagʻallik darajasini pasaytirish, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishdir.

    Mahalla bankiri:

    aholiga biznesni yoʻlga qoʻyishni, mahsulot va xizmatlarini sotishni, kredit olish va qaytarishga doir moliyaviy tartiblarni oʻrgatadi, loyihalarga hamrohlik qi­ladi;

    aholi orasidan oʻziga biriktirilgan mahallalarda xonadonlarni yaxshi biladi­gan yordamchi-agentlarni yollab, fuqarolarni bank xizmatlariga qiziqtirish va loyiha takliflarini topish ishlarini tashkil qiladi;

    tadbirkorlik subyektlarining yangi loyihalarini amalga oshirishda ishbilar­monlar bilan birga biznes reja ishlab chiqish va moliyalashtirishda amaliy yordam beradi;

    “oʻzini oʻzi band qilgan shaxs — yakka tartibdagi tadbirkor — kichik biznes — oʻrta biznes — yirik biznes” zanjirining har bir bosqichida moliyaviy xizmat turla­rini taklif etib boradi;

    mahallaning barcha statistik koʻrsat­kichlarini tahlil qilib, yangi va mavjud tadbirkorlarning salohiyatini oshirish, mahallada tadbirkorlikka qiziqishi yuqo­ri aholiga biznes tashabbuslarini tatbiq etishda maslahat va moliyaviy koʻmak beradi;

    aholi va tadbirkorlarning taklifla­ri hamda koʻtarilgan muammolarni bank fi­lialiga yetkazadi.

    Qisqasi, endi mahallada tadbirkorlik rivojiga masʼul, fuqarolar bilan birma-bir gaplashib, ularning loyihasini gʻoyaga, biznes rejaga aylantiruvchi, kerak boʻlsa, yelkama-yelka turib uni amalga oshiruvchi va­kil bor. U — mahalla bankiri!

    Yuzaga chiqayotgan yashirin salohiyat

    Yangi tizim joriy etilishi ortidan mahalladagi avval maʼlum boʻlmagan yashirin imkoniyatlar yuzaga chiqa boshladi. Xususan, tadbirkorlikka ishtiyoqi bor, lekin tavak­kalchilikdan va muvaffaqiyatsizlikdan choʻ­chib oʻz biznesini boshlay olmayotgan fuqa­rolar harakatga keldi. Mahalla bankirlari timsolida ular tom maʼnoda oʻziga yaqin koʻ­makchini his etdi, oʻziga ishonchi ortdi.

    Oʻtgan qisqa davrda tijorat banklari faoliyatida mijozlar bilan ishlashda foy­dalanilmayotgan katta salohiyat mavjudligi ham koʻrinib qoldi. Banklar aholi bilan butunlay yangicha ishlay boshladi. Natijada mahallada biznesni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlari tarkib topdi.

    “Biznesni rivojlantirish banki” aksiya­dorlik tijorat banki Oʻzbekistondagi yetak­chi moliya muassasalaridan biri sifatida yangi tizimni joriy etish va uning amaliy samaralarini yuzaga chiqarishda faol ishti­rok etmoqda. Hozir respublika boʻyicha maz­kur bankka biriktirilgan 614 ta mahallada 232 mahalla bankiri va 614 yordamchi agent ishlamoqda.

    Joriy yil davomida mahallalarda 255 ming 117 kishini daromadli mehnat bilan band qilish, shundan 106 ming 523 nafari­ni doimiy ishga joylashtirish va 148 ming 594 nafarini tadbirkorlikka jalb etish belgilandi. Bunda kichik va oʻrta biznesga 5 trillion 737 milliard soʻm va dasturlar doirasida 1 trillion 350 milliard 300 million soʻm hamda “Mahalla loyihasi” dasturlari doirasida 100 million dollar miqdorida kredit ajratilishi koʻzda tutil­di. Bandlik, kambagʻallikdan chiqarish va tadbirkorlikka jalb qilish doirasida 2025-yilning yanvar-iyul oylarida “Biznesni rivojlantirish banki” koʻmagida 162 ming 901 kishi daromadli mehnat bilan taʼmin­landi. Bu boradagi reja koʻrsatkichlari 115 foiz bajarildi.

    Bankimiz tomonidan joriy yil yan­var-iyul oylarida 58 ming 625 kishini doimiy ishga joylashtirish rejalashtiril­gan edi, amalda 60 ming 860 fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

    Mazkur davrda 83 ming 496 fuqaroni tadbirkorlikka jalb etish koʻzlangan boʻlib, amalda 102 ming 41 odamni tadbirkorlikka jalb etishga koʻmaklashildi. Bu borada re­jadagi koʻrsatkich 122 foiz bajarildi.

    “Uychi tajribasi” asosida tadbirkorlik subyektlari bilan 798 ta uchrashuv oʻtkazildi, muloqotlarda 3445 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 3340 tasi joyida ijobiy hal etil­di va natijada 4413 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Masalan, Koʻkdala tumanida roʻyxatdan oʻtgan “Eshtemir Yaxshiboyevich” MCHJ rah­bari uchrashuvda chorvachilik faoliyatini kengaytirish maqsadida kredit soʻrab mu­rojaat qilgan edi. Korxonaga “Mahallada biznes” kredit mahsuloti orqali 64 million soʻmlik kredit ajratildi. Natijada tadbirkor 2 ta yangi ish oʻrni ochdi.

    “Sayxunobod tajribasi” asosida banki­mizga biriktirilgan mahallalarda jami 14 ming 432 ta mikroloyiha amalga oshi­rilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 17 ming 231 ta mikroloyiha ajratildi. Bu saʼy-harakatlar hisobiga rejadagi 28 ming 864 nafar oʻrniga amalda 35 ming 369 kishi ishga joylashdi.

    “Biznesni rivojlantirish banki” yil­ning oʻtgan davrida aholini moliyaviy qoʻl­lab-quvvatlash doirasida kichik va oʻrta biz­nes subyektlariga 2 trillion 337 milliard soʻmlik, shuningdek, mahalla loyihasi dasturi doirasida 669 milliard 200 million soʻmlik kredit ajratdi.

    Bu raqamlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hayotga izchil tatbiq etila­yotgan yangi iqtisodiy mexanizmning amaliy natijalari, xolos. Mahalla bankirlari loyihasi aholi uchun ham, tijorat banklari uchun ham birdek manfaatli boʻlmoqda.

    Xalqimizga ilhom berayotgan gʻoya

    Tadbirkorlik xalqimizning qonida bor. Bugun mana shu haqiqat yurtimizning har bir mahallasida boʻy koʻrsatmoqda. Mahal­lalarimiz tobora obod boʻlib, yangi tadbir­korlar va yangi loyihalarga yoʻl ochilmoqda.

    Mahalla bankirlari esa loyihalarni ishlab chiqishdan boshlab mahsulotlarni sotish, eksport qilishgacha boʻlgan barcha jarayonda bosh-qosh, tashabbuskorlarning eng yaqin koʻmakchisi sifatida jonbozlik koʻrsatmoqda. Ular mahallalardagi yashirin salohiyatni yuzaga chiqarish orqali qoʻshim­cha ish oʻrinlari ochishga va mavjud quvvat­ni kengaytirishga kamarbasta boʻlmoqda. Bu qanchadan-qancha yangi loyihalar, xaridorgir mahsulotlar, ish oʻrinlari, qoʻshimcha daro­mad va eksport hajmi demakdir.

    “Har qanday islohot quruq raqam­larda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va roʻzgʻorida oʻz aksini topishi zarur”, degan edi Prezidentimiz. Mahalla taraqqiyoti yoʻlidagi iqtisodiy islohotlar bugun xalqimizning hayot tarzi, kundalik turmu­shida namoyon boʻla boshladi. Mahallalarda “Bersang — yeyman, bermasang — oʻlaman” qabilidagi boqimandalik kayfiyatida va “Davlat meni boqsin” degan oʻy-fikrda yuradigan fuqarolar tobora kamayib bor­moqda. Odamlarda tashabbus bilan yashash, oʻzini band va daromadli qilishga inti­lish hissi kuchayib bormoqda.

    Eng muhimi, fuqarolar yurtimizdagi har qanday islohot “Inson qadri uchun” ekani, ular xalqimizning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi uchun amalga oshirilayotganini to­bora teranroq tushunmoqda. Bu haqiqatni anglagan inson borki, oʻz mehnati bilan oilasi, mahallasi va vatani ravnaqiga hissa qoʻshishga intilmoqda.

    Prezidentimiz Mustaqilligimizning oʻttiz toʻrt yillik tantanalarida oʻtgan davr­da birgina kichik va oʻrta tadbirkorlar soni 2 karra koʻpayganini, bugun ushbu tarmoqda 10 milliondan ortiq aholimiz mehnat qi­lib, daromad topayotganini taʼkidladi:

    — Biz yil boshida 5,5 million aholi bandligini taʼminlash boʻyicha katta marra olgan edik. Sakkiz oydayoq 5 millionlik re­jani uddaladik. Eng muhimi, islohotlarimizga ishonib, shu yilning oʻzida chetda ishlayotgan 700 ming fuqaromiz yurtimizga, oʻz oilasi bagʻriga qaytdi, — dedi davlatimiz rahbari.

    Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash shunchaki maqsad yoki balandparvoz gʻoya emas, balki Prezidenti­miz tomonidan uzoqni koʻzlab, puxta ishlab chiqilgan siyosatning mahsulidir. Bu siyo­sat oʻzining kuchli gʻoyaviy asoslariga, aniq ijtimoiy-iqtisodiy dastaklariga ega va Konstitutsiyamizda huquqiy mustahkamlan­gan “ijtimoiy davlat” tamoyillariga toʻla mos keladi.

    Davlatimiz rahbari ish boshlagan ilk davrda asos solingan, yildan yilga tako­millashib, hayotimizda chuqur qaror topayot­gan va xalqimizni tom maʼnoda uygʻotayotgan mahallabay ishlash tizimi bugun iqtisodiy islohot darajasidan yuqori koʻtarilib, ja­miyatimizga bunyodkor ruh va azaldan tadbir­kor xalqimizga ilhom bagʻishlayotgan umum­milliy harakatga aylandi.

    Shuhrat ORIPOV,

    “Biznesni rivojlantirish banki”

    ATB axborot xizmati rahbari