Futbolni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni eng quyi tizimgacha tushirish hamda mahallardan boshlab iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimini yaratish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi raisning yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi negizida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi mahalla futbol yetakchisi lavozimi joriy etiladi.
Quyidagilar futbol yetakchilarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- mahalla yoshlarini ommaviy va professional futbolga qiziqtirish, shuningdek, bu borada turli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
- mahallalarda mavjud boʻlgan futbol boʻyicha sport inshootlari hamda boshqa sport maydonchalaridan tizimli va samarali foydalanilishini tashkil etish;
- mahallada futbol boʻyicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari kesimidagi “mahalla terma jamoa”larini shakllantirish hamda ularni tayyorlash;
- mahalla yoshlarining futbol bilan shugʻullanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganligini tahlil qilib borish hamda futbolni rivojlantirish boʻyicha sport taʼlim tashkilotlari va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish;
- mahallalardagi yosh iqtidorli futbolchi yoshlarni aniqlash hamda ularni professional futbol taʼlim muassasalariga tayyorlab borish;
- mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish, sport inventarlari bilan taʼminlash va «mahalla terma jamoalariga qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha mahalliy hokimliklarga takliflar kiritish.
Belgilab qoʻyilishicha:
- futbol yetakchisi tuman (shahar) sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari bilan kelishilgan holda mahalla fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
- tuman (shahar) sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari futbol yetakchisiga nomzodlarni mahalla fuqarolar yigʻini kengashiga tavsiya qiladi;
- futbol yetakchisi faoliyatiga umumiy rahbarlik tuman (shahar) sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi;
- futbol yetakchisi lavozimiga futbol sohasida yetarli tajribaga ega boʻlgan va shaxsiy fazilatlari bilan mahallada namuna koʻrsatgan nomzodlar tayinlanadi.