Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, huquq-tartibotni taʼminlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishilmoqda.
Bunda, ichki ishlar organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini, qishloqlar, ovulla va mahallalarda jamoat tartibi saqlanishini, fuqarolar xavfsizligini, jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita taʼminlaydigan profilaktika inspektorlarining oʻrni katta.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
2021-yil 26-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonda ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilishi belgilandi. Taʼkidlash joizki, mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi boʻgʻini hisoblanadi.
Maskan negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etiladi. Shuningdek, maskan tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklandi.
Tizimga raqamli texnologiyalarni qoʻllash va aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida, profilaktika inspektorlariga masofadan turib murojaat qilish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish imkonini beruvchi “Smart mahalla” dasturi ishlab chiqilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlardan kelib chiqib, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yana-da oshirish yuzasidan baʼzi takliflarni ilgari surmoqchiman. Jumladan, hududiy davlat organlari tomonidan profilaktika inspektorlariga ularning vakolatiga kirmaydigan masalalar yuzasidan topshiriqlar berilishini cheklovchi va bunday holatlar yuzasidan tegishli javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qonunchilikni takomillashtirish zarur. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarini yana-da rivojlantirish va bu buyicha hududiy ichki ishlar tuzilmalarida maxsus oʻquv kurslarini joriy etish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Dildora BAZAROVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori vazifasini bajaruvchisi,
yuridik fanlar nomzodi