Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari raisligida shu yil 1-martda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mahalla institutini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning qiyofasini tubdan yaxshilashga qaratilgan koʻplab yangi tashabbuslar ilgari surilib, aniq vazifalar belgilab berilgani nafaqat mahallalar, balki yurtimiz hayotiga daxldor tarixiy voqea boʻldi. Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori, hech bir istisnosiz, har bir yurtdoshimiz hayotida markaziy oʻrin tutadigan mazkur muhim sohalar taraqqiyotida butunlay yangi davrni boshlab bermoqda.
Mahallalar bilan yangicha asosda ishlash, jamiyatimiz fayzi boʻlgan nuroniy va keksalarimizga munosib eʼtibor koʻrsatish boʻyicha bunday yondashuv koʻzlangan natijani berishi, “inson qadri uchun” gʻoyasini toʻla roʻyobga chiqarishi shubhasiz. Nega deganda, qabul qilingan yangi dasturiy hujjatlarda hammasi aniq-ravshan belgilab berilgan, amaliy mexanizmlar puxta oʻylangan.
Endilikda mahalla institutiga zimmasiga yuklanayotgan biri-biridan muhim vazifalarga mos ravishda keng huquq va vakolatlar, zarur moddiy-texnik imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Mahallalar hayotning, oʻzgarish va islohotlarning eng qaynoq nuqtasiga aylanmoqda. Aholi muammolarini kompleks hal etish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, jinoyatchilikni kamaytirish, yosh avlodga sifatli taʼlim va tarbiya berish kabi koʻplab soha va yoʻnalishlar rivojiga eng quyi boʻgʻindan boshlab jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Bu borada mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga muhim vakolatlar ham berilganki, bu shubhasiz, ularning xalqimiz, jamoatchiligimiz oʻrtasidagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga xizmat qiladi. Deylik, mahalla raisi hududdagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini oʻzaro hamkorlikda, uygʻun holda tashkil etish uchun masʼul etib belgilangani bir musht boʻlib, aniq maqsad sari birgalikda harakat qilish, koʻproq amaliy natijalarga erishish imkonini beradi.
Ishni eng quyi boʻgʻinda yoʻlga qoʻyish, respublika, viloyat darajasidagi rahbar va faollarning avvalambor olis mahallalarda boʻlishi yaxshi samara berishi – bu keyingi besh yillik hayotimizda takror va takror oʻz isbotini topgan haqiqat aslida. Buni Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi mahallalarda kechgan jarayonlar misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin.
Bugun har bir soha, har bir jabhada tashabbus koʻrsatish mahalla raislaridan davrning oʻzi talab etayotgan mezon. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Prezidentimiz tomonidan imzolangan hujjatga muvofiq, mahalla raislari yangicha yondashuv, yangicha tizim asosida ish boshlamoqda. Mahalla raislari yangi vakolatlar asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, huquq va vakolat bilan birga aholi, jamoatchilik oldida burch va majburiyat ham paydo boʻlmoqda.
Mana masalan, tumanning chekka hududida chorvachilik klasteri ish boshladi. Yangi korxonaga ishchilar zarur. Mahalla masʼullari ishsiz yoshlar roʻyxatini tuzib, korxonaga ishga joylashtirishdi. Ulardan ayrimlari bu sohada yetarli bilim va malakaga ega boʻlgan boʻlsa, ayrimlarini kurslarda qoʻshimcha oʻqishi tashkil etildi. Hududda sanoatni rivojlantirish, aholiga sifatli va maqbul narxlarda goʻsht va goʻsht mahsulotlari yetkazib berish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan majmuada zamonaviy ferma, kushxona va goʻshtni qayta ishlash korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Chinoz – boy dehqonchilik anʼanalariga ega tuman. Yer tilini biladigan mirishkorlar koʻp. Ammo hayot bir joyda toʻxtab turmaydi, izlanish, intilish har kuni kerak. Shu bois mahalla raisi bosh boʻlib, tomorqalardan foydalanishni yangi, yuqori bosqichga olib chiqish, zamonaviy qishloq xoʻjaligi loyihalarini hayotga tatbiq etishda aholiga eng yaqin koʻmakchi boʻlmoqda. Bugungi kunga kelib mahallalardagi koʻplab xonadonlarda issiqxonalar mavjud. Yetishtirilgan mahsulotga xaridor topish, xoʻjaliklarni kengaytirish, imtiyozli kredit olish singari koʻplab yoʻnalishlarda yordam berilmoqda. Shu asosda ilgari ishsiz boʻlgan aholi bandligi taʼminlanyapti.
Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga binoan Prezident Xalq qabulxonalari ham faoliyatini mahallalar kesimida tashkil etib, mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan uzviy hamkorlikda ish olib borayotgani mahallalarga katta madad boʻlishi bilan birga, aholi muammolari va murojaatlari bilan ishlash sifatini oshiradi. Muammolarni har bir hudud xususiyatidan kelib chiqib, tizimli tahlil qilish hamda ularni hal etish uchun resurslarni aniq yoʻnaltirish imkonini beradi.
Yana yoshlar mavzusiga toʻxtaladigan boʻlsak, ularning boʻsh vaqti mazmunli, foydali va albatta qiziqarli oʻtishi uchun avvalambor mahallada sharoit yaratish kerak. Mazkur dolzarb vazifa mahallalardagi yoshlar yetakchilariga ishonib topshirilgan. Chinoz mahallalarida bu borada aniq reja asosida ish olib borilmoqda. Rang-barang koʻrik-tanlovlar, koʻrgazmali chiqishlar, xalq oʻyinlari, ijodiy bellashuvlar, ommaviy sport tadbirlari oʻtkazilayotgani oʻsib kelayotgan yoshlar uchun har tomonlama foydalidir.
Mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi bilan bevosita bogʻliq. Shu bois Prezidentimiz koʻrsatmasiga koʻra bu jiddiy masalaga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor beriladi. Aholini yosh toifalaridan kelib chiqib, muntazam tibbiy koʻriklardan oʻtkazish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yuqori texnologik tibbiy yordamni imkon qadar mahallalar darajasigacha tushirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan. Mahallada yangi ish boshlagan koʻp tarmoqli tibbiyot markazi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu zamonaviy shifoxona ilk ish kunida nuroniy va keksalarni qabul qilib, ularga xizmat koʻrsatishni boshladi. Bu yurtimizda insonga, keksalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yana bir ifodasi boʻldi.
Mahalla ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan, jahon ahli havas qiladigan ezgu qadriyatlarimiz koʻzgusidir. Bugungi kunda bu noyob tuzilmaga yangicha maʼno-mazmun baxsh etilayotgani inson qadrini ulugʻlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, ertangi kunga ishonch bilan harakat qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.