“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Toshkent viloyatida tadbir tashkil etildi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilingan edi.

    Mazkur qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan bajarilayotgan “Oilada nogironligi bo‘lgan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiylashtirish muammolarini tadqiq etish” mavzusidagi qisqa muddatli ilmiy loyiha doirasida Toshkent viloyatidagi “Mehribonlik” uylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida dala tadqiqotlari hamda savol-javob treninglar tashkil etish rejalashtirilgan edi.

    Shu munosabat bilan O.Musurmanova (loyiha rahbari), D.Mirzajonova, F.Qodirova, M.Umaraliyeva, Z.Alimardonov, G‘.Ikmatullayevlardan iborat loyiha ishtirokchilari Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi 14-Mehribonlik uyi hamda 23-sonli aqli zaif bolalar uchun maktab internatida bolalar, o‘qituvchi-tarbiyachilar, ota-onalar, vasiylar va homiylar bilan tadqiqotlar hamda qiziqarli madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazdilar.