Anjumanda fondning viloyat bo'limi boshqaruvi xodimlari, tuman va shahar bo'limi raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar qatnashdi.
Yil yakuniga bag'ishlangan anjuman tanqidiy-tahliliy ruhda o'tdi. Unda fondning Xorazm viloyat boshqaruvi raisi I.Matchanov so'z olib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar, buxgalteriya holati, ijro intizomi, Prezident virtual va Xalq qabulxonalaridan kelib tushga murojaatlarning ijrosi, fond huzurida ochilgan “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, ya'ni “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro'yxatiga kiritilgan fuqarolarga ko'rsatilgan yordam va boshqa masalalar to'g'risida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlarga axborot berdi.
Tadbirda qayd etilganidek, o'tgan 2021 yilda “Umumxalq xayriya hashari”dan fond hisob raqamiga kelib tushgan xayriya mablag'lari hisobidan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 fevraldagi 46-son qaroriga muvofiq, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari majmualarini mebel, texnika, boshqa uskuna va jihozlarga bo'lgan ehtiyojini qoplash va ta'minlash maqsadida 415 million 700 ming so'm pul mablag'i hisobiga 26 ta mahalla fuqarolar yig'iniga kompyuterlar jamlanmasi, 47 ta mahalla fuqarolar yig'iniga mebellar jamlanmasi olib berilgan.
Bayram va shonli sanalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand, kam ta'minlangan oilalarga moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatish uchun 102 million 100 ming so'm pul mablag'lari sarflangan. Bundan tashqari, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 75 million 300 ming so'mlik pul mablag'lari o'tkazib berilgan.
Ehtiyojmand, boquvchisini yo'qotgan, yetim bolalar, ota-ona qarmog'idan mahrum bo'lgan, og'ir sharoitda bo'lgan bolalar, yakka yolg'iz qariyalar, nogironligi bo'lgan shaxslar, tabiiy ofatdan jabr ko'rganlarni qo'llab-quvvatlash, sog'ligini tiklash uchun fondning “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan 130 million so'mlik, pul mablag'lari ajratilgan.
“Muruvvat” va “Saxovat” uyidagi hamda mahallalardagi ehtiyojmand fuqarolarga “Mahalla muruvvati” MCHJda ishlab chiqarilgan 45 million so'mlik kiyim-kechak mahsulotlari yetkazib berilgan.
Bundan tashqari, "Mahalla" fondining hududiy tuzilmalarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun jami 100 million so'mdan ziyoroq, pul mablag'lari yo'naltirilgan. Shundan fondning hududiy tuzilmalariga mebel, orgtexnika sotib olish uchun 25 milion 500 ming so'm mablag' o'tkazilgan.
Fuqarolar yig'ini faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolar va “Mahalla” fondi tizimida yuqori ko'rsatgichlarga erishgan xodimlar hamda ehtiyojmand oilalarni “Navbahor” sihatgohida dam olishi va sog'lig'ini tiklash uchun 140 million so'm ajratilgan.
Shuningdek, anjumanda fond xodimlari va uning quyi tuzilma rahbarlarining idorada o'tirib ishni tashkil qilmasdan, har bir mahalla, har bir oilaning holatini joyida o'rganib, xalqqa sidqidildan xizmat qilish lozimligi ta'kidlandi.
Tizimda, o'z xizmat vazifasini sadoqat va vijdonan bajargan barcha xodimlarga alohida minnatdorchilik bildirib, namunali, faol xodimlarga fond hisobidan qimmatbaho esdalik sovg'alari topshirildi.
Yil yakuniga bag'ishlangan anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
Xorazm viloyat bo'limi