Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantrish agentligi mutaxassislari Rossiya Federatsiyasining Xanti-Mansiysk avtonom okrugi boshqaruv kadrlari uchun mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, "mahallabay" ishlash tizimi tajribasi haqida amaliy seminar oʻtkazdi.

Seminar davomida agentlik masʼul xodimlari tomonidan "mahallabay" ishlash tizimi mohiyati, hokim yordamchilari faoliyati doirasida erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar haqida muhim maʼlumotlar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasi bilan hamkorlikda Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugra hukumati buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan “Yugra oʻzgarishlari liderlari 3.0” maxsus dasturi doirasida tashkil etilgan amaliyot tadbirida mamlakatimizda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlarning mahallalar darajasidagi ahamiyati ham oʻrganildi.

Shu maqsadda tadbir ishtirokchilari Toshkent shahridagi mahallalarda boʻlib, bu yerdagi sektorlar faoliyati, yangi tizim — "mahalla yettiligi" ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantrish agentligi masʼullari eʼtiroficha, Oʻzbekiston mahallalaridagi amaliy tizim — "mahalla yettiligi", ijtimoiy daftarlar faoliyati, xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash borasidagi ishlar, aholini kasbga oʻrgatish jarayoni, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar rossiyalik mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotdi.