Mazkur oʻrganishlar jarayonida har bir mahallada “Isteʼmolchi daftari” shakllantirilmoqda, deb xabar beryapti federatsiya axborot xizmati.
Ishchi guruh aʼzolari mahallalarda istiqomat qiluvchi keksalar, boquvchisini yoʻqotganlar, nogironligi boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Shuningdek, mahallalardagi koʻchalar, ariqlar, yoʻllarning holati, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz bilan taʼminlanganlik darajasi hamda hududda faoliyat yurutuvchi jamoat transporti qatnovi oʻrganilmoqda. Aniqlangan muammoli masalalarni hal etish boʻyicha tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Jumladan, Termiz tumanining “Bunyodkor” mahallasida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hamda gaz taʼminoti tashkilotlari bilan aholi (isteʼmolchi) oʻrtasida elektr va gaz taʼminoti shartnomalari umuman tuzilmagani aniqlandi. Bu esa mazkur yoʻnalishda fuqarolarning oʻz huquq va majburiyatlarini yillar davomida bilmay kelishiga sabab boʻlgan.
Bugungi kunda “Bunyodkor” MFYda 489 ta xonadonda 2431 nafar fuqaro istiqomat qiladi.
Ishchi guruh toʻrt kun davomida “Bunyodkor” mahallasidagi har bir xonadonga birma-bir kirib, ularning yashash sharoiti hamda mavjud muammolari bilan shaxsan tanishdi.
Ishchi guruh aralashuvi bilan mahalladagi 489 ta xonadon va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hamda gaz taʼminoti tashkilotlari oʻrtasida elektr va gaz taʼminoti shartnomalari tuzilishiga erishildi.
Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 ta oilaga, ularning talab-istagidan kelib chiqib, yashash sharoitini yaxshilash hamda daromad topish manbaini yaratish maqsadida tikuv mashinalari, payvandlash va qadoqlash uskunalari, xonaki parrandalari begʻaraz taqdim etildi.
Endi mazkur oilalar bilan federatsiya ishchi guruhi vakillari tizimli ishlab, ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar safidan chiqarishni maqsad qilgan.
Shuningdek, mahalladagi 120 ta xonadonga hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda elektr hisoblagichlar oʻrnatib berildi. Yangi qurilgan xonadonlarga elektr simlari tortib berildi.
Ishchi guruh faoliyati davom etmoqda.