Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga faoliyati davomida mahalladagi mavjud holatni o'rganish, har bir hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, uning “o'sish nuqta”larini aniqlashni bugungi kunning muhim vazifasi sifatida belgilab berayotgani bejiz emas.

“Mahallabay” tizimida ishlash aholi muammolarini to'laqonli o'rganish, amaliy yordam ko'rsatish, tadbirkorlik va kasbga o'qitish, imtiyozli kreditlar orqali bandligini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish imkonini bermoqda. 

Buvayda tumanidagi “Nayman“ mahalla fuqarolar yig'inini “ko'klam ketmaydigan qishloq” deya ta'riflashadi. Tashqarida qish zabtiga olib turgan bo'lsa-da, naymanlik tomorqachilar bahor taftiga monand ishlash hadisini olgan. Azaldan dehqonchilik, bog'dorchilik va chorvachilik bilan shug'ullanib kelgan mahalla ahli har qarich erning qadriga etadi, mehnatiga yarasha hosil oladi. Mahallada erga mehr bergan 5 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. 

Har bir xonadon isitish tizimi, elektr energiyasi talab qilmaydigan kam xarajatli qo'lbola issiqxonada bodring, bulg'or qalampiri, baqlajon, pomidor ko'chatlari etishtiradi. Ular ichki ehtiyojdan ortib, qo'shni Andijon, Namangan viloyatlariga ham yetkazib beriladi.

Mavluda Xolmirzaeva “Temir daftar”ga kiritilgan oila bekasi. Xo'jaligida tomorqa ekin maydoni bor, lekin topgani ro'zg'ordan ortmaydi. Mutasaddilar bu oilaga subsidiya asosida issiqxona qurishga yordam berdi. Bugun oila a'zolari foydali mehnat bilan mashg'ul. Issiqxonada sara sabzavot ko'chatlarining rivoji avjida. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, birinchi hosildan 10 million so'mdan ortiq daromad olishni ko'zlab turibdi.

Dilorom Qodirova yakka-yolg'iz, mehnat qilishdan qochmaydi. Ammo tomorqasini sug'orish uchun suv ta'minotida o'ziga xos muammolar bor edi. Bandlikka ko'maklashish markazi xonadonga suv nasosi olish uchun amaliy yordam berdi.

Uzoq yillar chorvachilik xo'jaligida ishlab nafaqaga chiqqan Abdurashid Akromov usta tomorqachi. Keksalik bekorchilik emas. Oila rahbari tomorqa yumushlarini bajarishda farzand va nabiralariga bosh-qosh. Xonadon tomorqasining har qarichi hisob-kitobli. Etti sotix issiqxonadagi sabzavot ekinlari hosil cho'g'idan dalolat berib turibdi. Tomorqachi o'z ish tajribasini mahalla, qo'ni-qo'shnilar bilan baham ko'radi, maslahat, yo'l-yo'riq berishni kanda qilmaydi.

— Bu — birinchi  hosilimiz, — deydi Abdurashid aka plyonka ostida bo'y cho'zib turgan bodring ko'chatlarini ko'rsatib. — O'tgan yili 40 million so'mdan ortiq sof daromad oldik. Mashina, uy-joy, to'y-hasham mana shu mehnat va izlanishlarimiz mahsuli. Bir dona bodring ko'chatining bugungi bahosi 1000 so'm. Boshqa sabzavot ko'chatlarining ham bozori chaqqon. Har bir yutuqning o'z zahmati bor. Erni tayyorlash, urug' qadash, sovuq kunlarda tunlarni bedor o'tkazish talab etiladi. Tomorqachilikning bu oltin qoidasiga amal qilmay turib, biror ijobiy natijaga erishib bo'lmaydi.

— Hududimizda yirik ishlab chiqarish tarmoqlari yo'q, — deydi mahalla fuqarolar yig'ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo'yicha o'rinbosari Ashuroy Islomova. — Lekin bu ishsizlik kelib chiqishi uchun asos bo'layotgani yo'q. Ikki sotix ekin maydoni bor odam kambag'al, bekorchi bo'lmaydi. Shu bois, har bir masalaga uyma-uy, “mahallabay” asosida echim topishga harakat qilyapmiz. Bekor yurgan odam, bo'sh qolgan tomorqa maydoni yo'q. Yilning to'rt faslida kaftdek erdan unumli foydalanayotgan tomorqachilar safi kundan-kunga ortib bormoqda. Shu kunga qadar kam ta'minlangan 33 oila muqim daromad manbaiga ega bo'lgani bois, “Temir daftar”dan chiqarildi. Ayni kunda ishsiz 22 nafar xotin-qizning 11 nafariga subsidiya orqali issiqxona qurib berish, bir nafariga tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratish reja qilindi, yana biri qayta kasbga o'qitish uchun yo'naltirildi, qolganlarga huquqiy, psixologik maslahatlar berildi.

 Mahalladagi 864 ta xonadondagi 40 gektardan ortiq tomorqa yegalari yiliga to'rt martagacha hosil olmoqda. Natijada kambag'al, ijtimoiy himoyaga muhtojlar kundan-kunga kamayib boryapti. Yolg'iz, boquvchisi yo'q, imkoniyati cheklangan oilalar saxovatpesha kishilar himoyasida.

“Mahallabay” o'rganishlar chog'ida ishchi guruh tumanda 37 ming 148 nafar tomorqa yer egasi borligini aniqladi. Aholining kam ta'minlangan qismini kambag'allikdan chiqarish maqsadida 2 ta kooperatsiya tashkil etilib, “Uzumzor” mahallasida 64 fuqaroga 32 gektar er maydoni va Qo'shtepa hududidan 68 kishiga 34 gektar maydon ajratildi. 114 nafariga imtiyozli kredit, 108 nafar er egasiga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berildi.

— Ishchi guruh tuzilib, xonadonma-xonadon yurib, tomorqadan to'g'ri foydalanish nazorat qilinyapti, — deydi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi Buvayda tumani bo'limi raisi Oliyaxon Asqarova. — Shu kunga qadar 36 ta mahalla fuqarolar yig'inida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyiliga asoslanib, tomorqachilik an'analarini rivojlantirish, tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga e'tibor qaratyapmiz. Jumladan, “Nayman” mahallasida pomidor, bodring ko'chatlari, “Oqqo'rg'on” mahallasida sholg'om, rediska, “Yuqori Mang'it” mahallasida qulupnay, “Beklar”da limon etishtirish bo'yicha tajribalar ommalashtirilmoqda.

Tumanda 450 dan ortiq yangi issiqxona qurilib, ular soni 1 ming 183 taga yetdi. Tashabbus bilan chiqqan 389 ta fermer xo'jaligi tomorqa maydonlarini haydash, mevali daraxtlar, sabzavot urug'larini etkazib berishda 3 ming  377 ta xonadonga ko'maklashmoqda. Barcha hududda kichik hajmli muzlatkichlar, ekodo'konlar tashkil etildi.

Serhosil erimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, undan doimo unumli foydalanish lozim. Dunyoda sa'y-harakatu zahmatsiz boy bo'lgan davlat ham, xonadon ham yo'q. Hamma narsa mehnat, izlanishga bog'liq. Kim mehnat qilsa, rohat ko'radi.

Rasuljon KAMOLOV,

jurnalist