Mahallalarda targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda

    Oʻrtachirchiq tumanida yoʻl transport hodisasi bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortgani, buning oqibatida ayanchli oʻlim holatlari qayd etilgani taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Toshkent viloyat sudi va viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamkorligida Toshkent viloyatidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar soni ortgan hududlarda ularni kelib chiqishi va sodir etilishining sabab hamda sharoitlarini oʻrganish, tahlil qilish maqsadida manzilli targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Ana shunday tadbir Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanidagi “Farovon” mahallasida boʻlib oʻtdi. Unda Oliy sud raisining oʻrinbosari X.Toʻraxoʻjayev, viloyat sudi raisi D.Tadjibayev va tuman sudi raisi X.Xotamovlar ishtirok etdi. Shuningdek¸ “Farovon”, “Yangi turmush”, “Yoʻngʻichqoli”, “Gulobod” mahalla fuqarolari, faollari, taʼlim muassasalari jamoasi va oʻquvchilari qatnashdi.

    Tadbirda, bugungi kunda respublikamizda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, uning oldini olish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Shuning barobarida, jinoyatlarning ayrim turlari ortgan hududlarda aholi bandligi yoki tirikchilik manbaiga ega boʻlish choralarini koʻrish, ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalaridagi ishlarni jonlantirish lozimligi taʼkidlandi. Jumladan, tahlillarga koʻra, Oʻrtachirchiq tumanida yoʻl transport hodisasi bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortgani, buning oqibatida ayanchli oʻlim holatlari qayd etilgani taʼkidlandi. Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, profilaktika inspektorlari, fuqarolar yigʻinlarida faoliyat koʻrsatayotgan komissiyalar masʼuliyatini oshirish, xususan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiyasi boʻyicha ishlarni qatʼiy nazoratga olish kerakligiga urgʻu berildi. Tadbir yakunida bu boradagi noxush holatlarning oldini olish boʻyicha ishtirokchilar tomonidan ham muhim taklif va mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

    Toshkent viloyat sudi matbuot xizmatu.