Mazkur qaror 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarori ijrosi natijalarini chuqur tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘tgan davrda mahallalarda jinoyatchilik qariyb 1,5 baravarga kamaygani ushbu yo‘nalishda tizimli ishlash o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatdi.

Albatta bu kabi ijobiy natijaga erishishda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligining qolaversa, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari jamosi ham katta yordam berishdi. TDYU rahbariyati boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlar 2025-yil yanvar oyidan boshlab Toshkent shaxar, Toshkent viloyati hamda Sirdaryo viloyatlarining kriminogen vaziyati ogʻir mahallalar hamda uch yildan hattoki, besh yildan buyon “qizil” toifada boʻlayotgan mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning asl sabablarini va unga sharoit yaratilgan vaziyatlarni ilmiy-amaliy tomonlama tahlil qilib o‘rganildi. Kelgusida kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarni qizil toifadan sariq toifaga, sariq toifadan yashil toifaga o‘tkazish borasida jinoyat sodir etilgan joyning o‘ziga bevosita huquq tartibot organlari hodimlari bilan hamkorlikda chiqib o‘rganildi. Manzilli o‘rganishlarda asosan jinoyat sodir etilgan hududlarning joylashuvi, aholining turmush sharoiti va mehnat faoliyatidan kelib chiqib ilmiy-metodikalar ishlab chiqildi.

Qaror qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad

Hujjatning bosh g‘oyasi — “jinoyatga qarshi kurashish” emas, balki “jinoyatning oldini olish” tamoyilini amalda qaror toptirishdir. Yaʼni, huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rish emas, balki uning ildiz sabablarini bartaraf etish orqali barvaqt profilaktika qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qaror bilan quyidagi strategik yo‘nalishlar mustahkamlandi:

  • mahallalarda ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish;
  • ayollar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning asl omillarini ilmiy asosda tahlil qilish;
  • oilaviy nizolar, ishsizlik, giyohvandlik va ichkilikbozlik kabi xavf omillarini manzilli bartaraf etish;
  • murojaatlarga tezkor va shaffof munosabat bildirish;
  • sunʼiy intellekt va elektron nazorat tizimlarini joriy etish.

Eng muhimi, qarorda “masʼuliyat” tushunchasi aniq belgilab qo‘yildi. Endi har bir kriminogen vaziyati og‘ir mahalla muayyan rahbar va idoraga nomma-nom biriktiriladi. Bu esa joylarda shaxsiy javobgarlikni oshiradi.

Manzilli ishlash tizimi — yangi yondashuv

Qarorga muvofiq, 2026-yildan boshlab kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar tuman (shahar) hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirildi. Uzoq yillar “qizil” toifada qolib kelayotgan mahallalar esa viloyat darajasidagi rahbarlar va huquq-tartibot idoralarining ilmiy muassasalari nazoratiga olindi.

Bu amaliyotning maqsadi — muammoni umumiy emas, balki aniq hudud kesimida hal qilish. Har bir mahalla uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, chora-tadbirlar ijrosi muntazam monitoring qilib borilmoqda.

Shuningdek, qarorga asosan hokimlar har oy kamida ikki marotaba muammoli mahallalarga chiqib, aholi bilan bevosita muloqot qilmoqda. Yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarning muammolari joyida o‘rganilib, manzilli choralar ko‘rilmoqda.

“Ijtimoiy profilaktika haftaligi” — amaliy maydon

Qaror ilovasi bilan tasdiqlangan Nizom asosida respublika mahallalarida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” amaliyoti joriy etildi. Ushbu tashabbus aholi muammolarini joyida hal qilish, ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkonini bermoqda.

Haftalik doirasida:

  • nizoli oilalar bilan maqsadli ish olib borilmoqda;
  • ishsiz fuqarolar uchun mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda;
  • tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda;
  • huquqiy maslahatlar va sayyor qabullar o‘tkazilmoqda;
  • sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinmoqda.

Muhimi, har bir o‘tkazilgan tadbir natijasi tahlil qilinib, hisobot shakllantirilmoqda va ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinmoqda. Bu esa ochiqlik va jamoatchilik nazoratini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Raqamlashtirish — tizimli nazorat kafolati

Qarorda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida urgʼu berilgan. Xususan, fuqarolarning huquqbuzarliklar haqidagi murojaatlarini real vaqt rejimida qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Mening inspektorim” mobil ilovasi orqali aholi profilaktika inspektori bilan onlayn muloqot qilish, foto va video yuborish hamda uning faoliyatiga baho berish imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimi doirasida nizoli oilalarni monitoring qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.

Bu choralar inson omilini kamaytirish, shaffoflikni oshirish va jinoyatlarni yashirish holatlariga barham berishga qaratilgan.

Qonun ustuvorligi — qatʼiy talab

Qaror bilan jinoyatlarni hisobdan yashirish, murojaatlarni ro‘yxatga olmaslik yoki noto‘g‘ri malakalash holatlariga nisbatan qatʼiy nazorat o‘rnatildi. Barcha darajadagi prokurorlar va ichki ishlar organlari rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

Endi har bir murojaat so‘zsiz ro‘yxatga olinishi, qonuniy va to‘laqonli ko‘rib chiqilishi shart. Bu fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa

Mazkur qaror mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida yangi, kompleks va manzilli ishlash tizimini shakllantirmoqda. Uning asosiy maqsadi — jinoyatchilikka qarshi kurashni faqat huquq-tartibot organlari vazifasi sifatida emas, balki butun jamiyat ishtirok etadigan ijtimoiy jarayon sifatida tashkil etishdir.

Bu jarayonda Toshkent davlat yuridik universitetining “Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish” sho‘basi professor-o ‘qituvchilari ham mahallalarga reja grafik asosida tashrif buyurib 2026-yilda jinoyatchilikni yanada kamaytirishga fuqarolarni jinoyat sodir etishga bo‘lgan moyilligini so‘ndirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham olib bormoqda.

Mahalla — jamiyatning tayanchi. Аgar mahallada tinchlik va xavfsizlik taʼminlansa, butun mamlakat barqaror rivojlanadi. Shu maʼnoda, yangi qaror nafaqat huquqbuzarliklarni kamaytirish, jamoat tartibi saqlash va fuqarolarning hayoti, erkinligi va mulkini jinoiy tajovuzlardan asrashga xizmat qiladi. Qolaversa, aholining roziligi va farovonligini taʼminlashga qaratilgan muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Mirzayev G‘iyosbek,
Toshkent davlat yuridik universitetining
“Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish” sho‘basi o‘qituvchisi