Prezident tomonidan joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mahallalarda “Hokim yordamchisi” lavozimini joriy etish boʻyicha dekabr oyining oʻzida Davlat rahbarining 1 ta farmon va 2 ta qarori qabul qilindi.

Ushbu tizimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish uchun Respublika komissiyasi tuzildi, har bir hududga 3 kishidan iborat Ishchi guruhlar (42 kishi), tuman (shahar)larga kamida bittadan respublika vakillari (299 kishi) biriktirildi.

Shuningdek, hokim yordamchilari ishini vertikal muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari, tuman va shaharlarda Mahallabay ishlash markazlari tashkil etmoqda.

Qabul qilingan hujjatlardan kelib chiqib, dekabr oyida respublika vakillari va hokim yordamchilari uchun seminarlar tashkil etilib, oʻqitildi.

Yigʻilishning asosiy maqsadi – hokim yordamchilari faoliyatini toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha oldinda turgan masala va vazifalarni belgilab olish, jumladan, 2022-yilning yanvar oyida va 1-chorak yakuniga qadar qanday ishlarni tashkil etishni muhokama qilishdan iborat.

Yigʻilishda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etishdan koʻzlangan bosh maqsad – davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini taʼminlash, ularning daromadini koʻpaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambagʻallikni qisqartirish maqsadlari tushuntirib berildi.

Bu bosh maqsadga erishish yoʻlida hamma uchun umumiy boʻlgan vazifalar belgilab olingan:

birinchi: hokim yordamchisi oʻziga biriktirilgan mahallani toʻliq oʻrganishi, barcha xonadonlarni uyma-uy yurish orqali xatlovdan oʻtkazish, mahallaga ijtimoiy-iqtisodiy nuqtayi nazardan diagnoz qoʻyish;

ikkinchi: mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va mahalla faollari bilan doʻstlashish va ular bilan doimiy fikr almashish;

uchinchi: ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, yaʼni oylik, choraklik va yillik ustuvor vazifalarni toʻgʻri belgilab olish;

toʻrtinchi: aholining tizimga boʻlgan ishonchini oshirish uchun dastlabki 3 oyda mahallada natija koʻrsatish. Bunda birinchi navbatda tez natija beradigan oson va yengil loyihalarni amalga oshirish (masalan, 3-4 ta xonadonda issiqxona tashkil etish, 4-5 ta fuqaroni kasb-hunarga oʻqitish orqali ishga joylashtirish, 3-4 ta fuqaroga oʻzini oʻzi band qilishi uchun subsidiya ajratish va h.k). Aks holda aholining ularga boʻlgan ishonchi pasayib boradi;

beshinchi: muvaffaqiyatga erishgan hokim yordamchilarining tajribalari bilan boshqalarni doimiy tanishtirib borish.

Shuningdek, yigʻilishda hokim yordamchilarining mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” oʻrganish, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini oʻrganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻrgatuvchi oʻquv markazlariga yoʻnaltirish, subsidiyalar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishga koʻmaklashish, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan “yetakchi” tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish, ishsizlarni, birinchi navbatda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish hamda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish kabi asosiy vazifalari eslatib oʻtildi hamda ushbu masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Shu bilan birgalikda, respublika miqyosida 9500 nafar hokim yordamchilari faoliyati koʻrsatishi rejalashtirilganligi hamda ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida hokim yordamchilari faoliyati haqidagi maʼlumotlarni oʻzida jamlagan platforma shakllantirilayotganligi hamda ushbu platforma orqali fuqarolar hokim yordamchilari bilan bevosita bogʻlana olishi va oʻz muammolarini bartaraf etishlari mumkin ekanligi aytib oʻtildi.