Mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan qilinadigan vazifalar muhokama etildi

    Prezidentimizning shu yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mahalla tizimida yangi lavozim egalari – yoshlar yetakchilari faoliyat boshladi.

    Oliy taʼlim muassasalari oʻzlariga biriktirilgan mahallalarda bevosita yoshlar yetakchilari orqali ish olib boradi.

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida muassasaga biriktirilgan 11 ta mahallada ish boshlagan yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Yoshlar ishlari agentligi vakillari, universitet mutasaddilari, mahalla yetakchilari ishtirok etdi.

    Universitet tomonidan mahallalardagi yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, mental arifmetika, sport toʻgaraklarini tashkil etish jadvallari ishlab chiqilgan. Ayniqsa, boks, voleybol, futbol, basketbol bilan shugʻullanish boʻyicha barcha sharoit yaratilgan.

    Mahalla yoshlari ushbu jadval asosida belgilangan vaqtda oʻzlariga maʼqul boʻlgan toʻgaraklarda qatnashadi. Shuningdek, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun oliygohlarga kirish imtihonlariga tayyorgarlik kurslarini tashkil qilish masalasida ham vazifalar belgilandi.

    Talabalar va mahallalardagi yoshlar oʻrtasida muntazam sport musobaqalari, musiqa va kitobxonlik tadbirlarini uyushtirishga kelishib olindi.