“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasida xam mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi tegishli adliya organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Vazirlik tomonidan hududiy adliya organlarining normativ-huquqiy hujjat loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, qabul qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazish bilan bogʻliq faoliyati doimiy tahlil qilib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomalarida “oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilinganligi” tanqidga olingan.
Adliya organlarining taqdimnomalariga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2019-yilda 1 752 ta, 2020-yil 9 oyida 982 ta qarorlari bekor qilinganligi, qarorlarni qabul qilishda yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzilish holatlar, shart-sharoitlarni aniqlash va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish boʻyicha zarur choralarni koʻrishni taʼqazo etmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan hududiy adliya organlariga amaliy yordam sifatida huquqiy ekspertiza va norma ijodkorligi sohasida qoʻllanma va koʻrsatmalar ishlab chiqilib yuborildi.
Hududiy adliya organlari hodimlarini bilim va koʻnikmalarini oshirish, kelgusida mahalliy norma ijodkorligi sohasida kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, vazirlik tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining huquqiy ekspertizasi: amaliyot va muammolar” mavzusida joriy yilning 7-yanvar kunidan seminar-treninglarning ilk qismi tashkil etildi. Bunda 500 dan ortiq huquqshunoslar ishtirok etishdi.
Mazkur seminar-treningda hududiy adliya boshqarmalarining birinchi oʻrinbosarlari, huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimlari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari hamda mahalliy davlat hokimyati organlari yuridik xizmat xodimlari ishtirok etishdi.
Ushbu seminar-treningda mahalliy norma ijodkorligi sohasida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligining asosiy sababi sifatida:
– Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan norma ijodkorligi tartibotini buzish holatlarining mavjudligi va buning uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanmaganligi;
– Korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qarorlar qabul qilinishi holatlari mavjudligi;
– Hokimliklar tomonidan vakolat doirasiga kirmaydigan ayrim qarorlarning qabul qilinishi holatlari hamon uchrayotganligi;
– Yuridik xizmat xodimlari malakasi, oylik ish haqining pastligi hamda ular zimmasiga ortiqcha vazifalarning yuklanishi kabilar koʻrsatib oʻtildi.
Bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, oʻtkazilgan seminar-treningda kelgusida tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan normativ tusdagi qarorlar loyihalarini huquqiy ekspertizasini sifatli hamda toʻliq oʻtkazilishi bevosita boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosarlari tomonidan shaxsan nazoratga olinishi hamda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan murakkab turdagi qarorlar loyihalariga xulosa berilishdan avval Vazirlik xodimlari tomonidan koʻrib chiqilishi hamda bu borada fikrini berishi uchun qaror loyihasi bir kunlik muddatda elektron shaklda Vazirlikka taqdim etib borish masalalari taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, hokimliklarning normativ tusdagi qarorlarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda amaldagi qonun hujjatlariga rioya etish hamda ularning mahalliy norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini qatʼiy va tizimli ravishda nazorat qilib borish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirish taklif qilindi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi