Mahalliy davlat hokimiyati organlari va hokimlar ayrim vakolatlardan mahrum boʻladi

    Mamlakatimizda 24 Yanvar 2023 2973

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 20-yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-815-son Qonun imzolandi.

    Kiritilayotgan oʻzgarishlar mahalliy davlat hokimiyati organlari, hokimlar, bojxona organlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlariga hamda MCHJni majburiy auditdan oʻtkazish talabiga oid.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi vakolatlari bekor qilinadi;

    tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish;

    yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

    Hokimlar uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilaridan kommunal xizmatlar toʻlovi va majburiy badallarni toʻlash boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisida daʼvolar bilan sudga murojaat qilish vakolatidan mahrum boʻladi.

    Shuningdek, aktivlarining balans qiymati BHMning 100 ming baravari miqdoridan koʻp boʻlgan MCHJlar uchun har yilgi tashqi auditorlik tekshiruvidan oʻtish majburiyati bekor qilinadi.

    Endilikda chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalarining egalari tomonidan majburiy sugʻurta boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bojxona organlari amalga oshirmaydi. Ushbu vakolat davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida saqlanib qolinadi.

    Vazirlar Mahkamasi, Moliya va iqtisodiyot vazirligining auditorlik faoliyatini tartibga solish boʻyicha ayrim vakolatlari nodavlat notijorat tashkilotlari — auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga oʻtkaziladi. Xususan, auditorlar birlashmalariga:

    auditorlar malakasini oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlash;

    malaka imtihonini oʻtkazish tartibini belgilash (Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda);

    nomzodni malaka imtihoni topshirishga qoʻyish yoki rad etish;

    sertifikatni rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, sertifikat va uni dublikatini berish vakolatlari oʻtkaziladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 21-yanvardan kuchga kirdi.