Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilgani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qonun loyihasida quyidagilar koʻzda tutilmoqda:
– mahalliy Kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan Rais boshchilik qilishi;
– Xalq deputatlari Kengashi raisi oʻz vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi;
– kengashlar yigʻilishlarida hokim nomzodi koʻrib chiqilayotganida nomzod mahalliy Kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida Konstitutsiyamizda kafolatlangan normalar bilan bir qatorda “Kengash soʻrovi”, “Kengash tekshiruvi” kabi yangi institutlar kiritilmoqda. Shu bilan birga qonun loyihasida Xalq deputatlari Kengashida qanday komissiyalar tuzilishi boʻyicha normalar aniq belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasi ustida Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan olimlar, mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik vakillari jalb etilgan holda qizgʻin ish olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun: Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi mustahkamlangan.