Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish Senatning ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezidentimiz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30-yillik orzusi roʻyobga chiqqanini taʼkidladi.
Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni oʻtkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suv tarifiga ustama, davlat obyektlari va bozorlarda ijara toʻlovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yigʻimlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, kengash soʻrovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar boʻyicha matbuot anjumanlari oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi boʻgʻinga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.
Hokim ham, kengash raisi ham, avvalo, oʻz hududida yashayotgan aholi manfaatlarini yetakchi oʻringa qoʻyib, bir jamoa boʻlib ishlashi lozimligi qayd etildi.
Ayni paytda Konstitutsiyada belgilanganidek, tuman, shahar va viloyatlar miqyosida qonun hujjatlarini soʻzsiz ijro etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirish uchun hokimlar masʼul va javobgar.
Senat esa mahalliy hokimlik va kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, oʻzaro munosabatlarini toʻgʻri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi ushbu jarayonlarni toʻgʻri tashkil etishga xizmat qilishi bildirildi.
Prezident yuqori palatani tuman va shahar kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi boʻyicha islohotga jiddiy tayyorgarlik koʻrishga chaqirdi.