O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 avgustdagi  “Davlat va xo'jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo'yicha mas'uliyatini yanada oshirish to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida “O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig'i bilan tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish faollashtirilib, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

"O'zbekneftgaz" AJ tomonidan tashkil etilgan Virtual ko'rgazmaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga kelib tushgan murojaat asosida joriy yilning yanvar oyida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “PLUS LUX OIL” MCHJ korxonasining ishlab chiqarish ob'ektlariga amaliy tashrif uyushtirildi. Unda “O'zbekneftgaz” AJ korxonalari uchun yoqilg'i-moylash mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

Ma'lumot tariqasida ta'kidlash joizki, “PLUS LUX OIL” MCHJ 2014 yilda tashkil etilgan bo'lib, avtomobil va motor moylarini ishlab chiqarish hamda ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Hozirda korxonada 50 nafar xodim faoliyat yuritib, korxonaning yillik o'rtacha pul aylanma mablag'i 100 mlrd so'mni tashkil etadi.

O'rganish davomida korxona tomonidan mahalliy “Exsol” markali TIF kodi 3 820 000 000 bo'lgan turli xil rangdagi sovutuvchi suyuqliklar, “Standard oil” markali transmissiya va trubina moylari, gidravlik va kompressor moylari hamda turli xil sanoat moylaridan iborat jami 50 ga yaqin turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ma'lum bo'ldi.

Tashrif davomida korxonaning ishlab chiqarish ob'ektlari dastlabki texnik auditdan o'tkazildi va ishlab chiqaruvchiga “O'zbekneftgaz” AJ korxonalarining yoqilg'i-moylash mahsulotlariga bo'lgan ehtiyojlari haqida to'liq ma'lumot berildi.

Bugungi kunda “O'zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan yiliga o'rtacha 35 mlrd so'mlik yoqilg'i-moylash mahsulotlari xarid qilinib, shundan o'rtacha 15 mlrd so'mlik (1.4 mln. doll.) mahsulotlar importdan xarid qilinadi. YOqilg'i-moylash mahsulotlari tizim korxonalari tomonidan asosan avtotransport, kompressorlar, elektro dvigatellarni moylash hamda emirilishni oldini olish maqsadlarida ishlatiladi.

SHu bilan bir qatorda, korxona mutaxassislariga “O'zbekneftgaz” AJ korxonalarida mahsulotga qo'yiladigan texnik talab, uning tegishli mahalliy va xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatlarning taqdim etilishi, yuqori quvvatli uskunalarda yoqilg'i-moylash mahsulotlarini ishlatishdan avval ularni tegishli sanoat-tajriba sinovlaridan o'tkazilishi lozimligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

O'rganish yakuniga ko'ra, “PLUS LUX OIL” MCHJ mutuxassislari bilan dastlab importdan xaridi amalga oshirilgan “SHELL Super Protection G-12, HVLP 46” va “HD46” markadagi gidravlik moylar hamda “SAE 85W-140” va “ATF-3” markali transmission moylar kabi mahsulotlarni hamkorlikda mahalliylashtirish bo'yicha kelishib olindi.

“O'zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati