Mahalliy sayyohlarga keshbek sifatida 177 million soʻm qaytarildi

    Turizm qoʻmitasi Soliq qoʻmitasi bilan hamkorlikda yangi keshbek tizimini ishga tushirdi.

    Mazkur tizimga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida “Sayohat qil va keshbek ishla” shiori asosida respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan mamlakat fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib berilyapti.

    2023-yil davomida Oʻzbekiston boʻylab sayohatga chiqqan mamlakatimiz fuqarolariga sarflangan xarajatlari uchun jami 177 million soʻmdan ortiq mablagʻ keshbek sifatida qaytarib berilgan, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

    - aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

    - temir yoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

    - joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

    - teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.

    Shuningdek, ushbu xabarda keshbek olish tartibi koʻrsatilgan.