Mahalliy vakillik organlarining nazorat faoliyati yangicha tizim asosida tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 19 Mart 2024 421

    Joriy yil 18-martda Oliy Majlis Senati tomonidan hududlardagi senatorlar, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari ishtirokida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni manzilli oʻrganish hamda samarali nazoratni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Seminarni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Seminar avvalida joriy yil 2-fevralda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama etildi.

    Shuningdek, bugungi kunda Mahalliy kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammoli masalalar koʻrib chiqilib, ularni bartaraf etish boʻyicha vazifalar kelishib olindi.

    Mahalliy Kengashlar faoliyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ijrosi ustidan samarali nazorat oʻrnatish masalalariga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

    Shuningdek, Senat Raisi, mahalliy Kengashlar tomonidan hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar va loyihalar ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, qolaversa ularning amalga oshirilishida yaqindan koʻmaklashish boʻyicha ishlab chiqilgan mexanizm asosida ishlarni tashkil etish, bunda Kengash, uning kotibiyati doimiy komissiyalari hamda deputatlar oldidagi vazifalar yuzasidan batafsil tushuntirish berib oʻtdi.

    Mazkur tizim asosida endilikda Prezident hujjatlarida, Hukumat qarorlarida tegishli “yoʻl xaritalari”da va boshqa qonunchilik hujjatlarida hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar, amalga oshiriladigan loyihalar manzilli biriktiriladi. Deputatlar tomonidan ushbu vazifalar ijrosi ustidan nazorat oʻrnatilishi bilan birga, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishida ijro hokimiyatiga amaliy yordam ham koʻrsatiladi.

    Uchrashuvda ushbu tizim asosida ishlar namuna sifatida yoʻlga qoʻyilgan ayrim mahalliy Kengash vakillarining ham fikri eshitildi.

    Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.