Davlat rahbarining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida Yashnobod tumanidagi Texnopark o'z faoliyatini boshlagan edi. O'tgan qisqa vaqtda bu erda zamonaviy sanoat tarmog'i yo'lga qo'yildi. Bu erda hozirgi kunda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Kamoliddin AHMEDOV,
Alyumin kompozit panellar ishlab chiqarish zavodi direktori:
— Prezidentimiz 23-aprel kuni Texnoparkka tashriflari davomida bizning alyumin kompozit panellar va metall konstruktsiyalar ishlab chiqaruvchi korxonamiz faoliyati bilan ham tanishdi. Zavodimiz joriy yilda ishga tushirilgan 4 ta loyihaning biri bo'lib, hozirgi kunda 4 turdagi alyumin kompozitlar ishlab chiqarmoqda. Bularning orasida eng asosiylaridan biri — alyukom kompozit paneli hisoblanadi. Bu qurilish xomashyosi umuman yonmaydi. Shu bois, dunyo bozorlarida unga talab ortib bormoqda.
Yana bir mahsulotimiz — to'liq alyumindan iborat, 3D formatdagi kompozit paneli ham yurtimiz uchun yangilik hisoblanadi. U juda yengil bo'lgani bois, foydalanishda quruvchilarga ishlashda yengillik tug'diradi. Bu kabi yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish korxonamizning asosiy maqsadiga aylangan. Buning uchun faqat saralangan xomashyodan foydalanamiz. Ish jarayonining katta qismi avtomatlashtirilgan. Ishlab chiqarish 2 million dollar evaziga xarid qilingan ilg'or xitoy texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Zavodda 80 nafar ish o'rni ham yaratilgan. Bitta liniyaning o'zini 7 ta operator boshqaradi.
Zamonaviy quvvatlar yordamida ishlab chiqariladigan 432 ming dona mahsulot 10 million dollarlik import, 3 million dollarlik eksport o'rnini to'ldirish imkonini bermoqda. Yuqori sifatli, yong'inga bardoshli, zaharli moddalardan holi hamda yuqori darajada himoyalash xususiyatiga ega ushbu mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda xaridorlar soni ortib boryapti.
Mahsulotlarimizga qurilishdan tashqari, mashinasozlik sohasida ham talab bor. Avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar — “SamAuto” hamda “ManAuto” bilan hamkorlik kelishuvlarimiz yo'lga qo'yilgan. Unga ko'ra, avtobuslarga alyumin kompozit panellar yetkazib beramiz.
Metall konstruktsiyalar ishlab chiqarish loyihasining qiymati 29 million dollarga teng. Shunga yarasha, import o'rnini bosish darajasi ham nisbatan yuqori — 16 million dollar. 1,5 million dollarlik eksport ham rejalashtirilgan. Mahalliylashtirish darajasi 35-40 foizni tashkil etmoqda. Barcha loyihalarimiz doirasida 350 kishi ish bilan band bo'ladi.
Bugungi kunda korxonaning asosiy xomashyolaridan biri bo'lgan alyumin falgasini xorijdan import qilyapmiz. Prezidentimizning topshiriqlari asosida chetdan olib kelinadigan xomashyoni ham o'zimizda ishlab chiqarib, mahalliylashtirish ko'rsatkichini oshirishni maqsad qildik. Bu tovar tannarxining tushishi hamda ichki bozorlarimizga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berishimizga xizmat qiladi. Qo'shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlar tayyorlash esa, eksport imkoniyatimizni kengaytiradi.