“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan barcha isteʼmolchilarga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yil boshidan  beri aholiga 38 ming 840 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

 — Yoz kunlarida kuniga oʻrta hisobda 30–40 dona gaz ballonidan ogʻir qoldiqlarni toʻksak, kuz-qish mavsumida bu raqam 95 tagacha yetadi, — deydi “Uzun” gaz toʻldirish shoxobchasining ogʻir qoldiq toʻkuvchi chilangari Sayfiddinov Bahrom Ikromiddin oʻgʻli — Ogʻir qoldiqni toʻkishda har bir toʻkilayotgan maishiy gaz balloni avval tarozidan oʻtkaziladi, ogʻir qoldiqdan boʻshatilgach, yana tortilib, soʻngra maxsus kitobga qayd etib boriladi.

Oʻtgan yil davomida “Denov” gaz toʻldirish inshootida 21 ming 538 dona maishiy gaz ballonlaridan 12,552 tonna ogʻir qoldiq toʻkib olingan boʻlib,  13,980 tonna utilizatsiya qilingan.  “Jarqoʻrgʻon” gaz toʻldirish shoxobchasida 2023-yilning 6 oyi davomida 6 ming 598 dona ballondan 6,642 tonna ogʻir qoldiq toʻkilganini koʻrsatmoqda. “Muzrabot” GTSHda esa oʻtgan yil davomida 420 mingga yaqin maishiy gaz ballonga suyultirilgan gaz toʻldirildi. Shundan 16 ming 805 donasida ogʻir qoldiqlar borligi aniqlangan. Toʻkilgan qoldiq miqdori 10, 941 tonnani tashkil etib,  12,180 tonna utilizatsiya qilishga erishildi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali “Denov-Xayrabod” hamda “Qumqoʻrgʻon-Oqjar” gaz toʻldirish stansiyalari xizmatidan foydalanadi va u yerda ham har bir maishiy gaz ballondan ogʻir qoldiq toʻkilishi nazoratga olingan. Joriy yilning 6 oyi davomida viloyat boʻyicha 47 ming 442 tadan ortiq maishiy gaz ballonlardan ogʻir qoldiq toʻkib olingan.

Taʼkidlash joizki, suyultirilgan gaz ballonida hosil boʻluvchi ogʻir qoldiqni oʻzboshimchalik bilan toʻkish mumkin emas, uni toʻkib oluvchi maxsus joylar va uskunalar bor.