Majburiy ijro byurosi 3 ming nafardan ko'proq qarzdorni izlayapti

    Ijtimoiy hayot 25 Noyabr 2021 1815

    Ularning mingdan ortig'i chet elga chiqib ketgan.

    Byuro organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyat natijasida joriy yilning o'tgan davrida qarzdorligi tufayli 7 ming 800 dan ziyod jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e'lon qilingan bo'lib, shundan 4 ming 500 nafardan (58%) ortig'i topilib, majburiy ijro harakatlari o'tkazilgan.

    Hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko'rilmoqda, aytish joizki, ushbu shaxslarning 2 ming 149 tasi respublika hududida yashirinib yurganligi, 1 ming 115 tasi esa, chet elga turli maqsadlarda chiqib ketganligi aniqlangan.

    Qidiruvdagi shaxslar topilishi natijasida qarzdorlardan jami 30 mlrd 700 mln. so'm, shu jumladan 22 mlrd 800 mln. so'm aliment pullari undirilib, voyaga etmagan farzandlarning moddiy ta'minot olishlari ta'minlangan.

    Byuro organlarida sud hujjatlariga asosan farzandlarning onalari tarbiyasiga olib berish bilan bog'liq ijro ishlari doimo dolzarb bo'lib kelgan. Hozirda, 80 dan ortiq ijro ishlari bo'yicha qidiruvda bo'lgan farzandlarning onalari qaramog'iga olib berilishi bo'yicha 57 ta ijro ishlari amalda tamomlandi. Qolgan ishlari bo'yicha qidiruv harakatlari davom etmoqda.