Hozirda jarimaning 15 kun ichida 50 foizi, 30 kun ichida 70 foizi ixtiyoriy toʻlansa, qolgan qismini toʻlashdan ozod qilish amaliyoti joriy etilgan.
Biroq qayd etilishicha, yoʻl harakati qoidalarini buzgan ayrim haydovchilar jarimani imtiyozli muddat u yoqda tursin, ixtiyoriy muddatda ham toʻlashdan boʻyin tovlash holatlari koʻp uchramoqda.
Shu kunlarda “AutoCon-SC/M-onlayn” va “Planshet” moslamalari yordamida tuman va shaharlar markaziy koʻchalarida hamda hududiy yoʻl-patrul xizmati statsionar postlarida reydlar oʻtkazilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, reyd boshidan bugungi kunga qadar hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar davomida Byuro organlari ish yurituvidagi 51 321 ta ijro hujjati boʻyicha 24,4 mlrd. soʻmlik qarzdorliklar undirilishiga erishilgan.
Bundan tashqari, jarimani oʻz vaqtida toʻlamagan va tadbir davomida qarzdorlikni toʻlashdan boʻyin tovlagan shaxslarga tegishli 14.614 ta transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonlariga joylashtirilgan, qidiruvdagi 2.684 ta transport vositalari topilgan.
Tadbir davomida 1.477 ta transport vositasi xatlanib, 95 tasi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Masalan, qarzdor Sh.A. dan 13 ta (7,3 mln. soʻm) maʼmuriy jarima va 1 ta (399,2 mln. soʻm) kredit qarzdorligini undirish maqsadida, “Kia Sportage” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, E-auksion.uz savdolariga chiqarildi.
Qarzdor A.R.dan 55 ta (26,8 mln. soʻm) maʼmuriy jarimalarni undirish maqsadida, “Venucia” rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qoʻyildi.
Qiziqarli jihati, aslida koʻplab jarimasi bor avtomashinalarning qarzdorligi oʻrganilganda, soliq va banklardan olingan kredit mablagʻlarini ham qasddan toʻlamasdan kelayotganligi aniqlangan.
Misol uchun, Byuroning Uchtepa tuman boʻlimi tomonidan qarzdor X.Sh.dan maʼmuriy jarima undirish haqidagi naq 128 ta jarima (59 mln. soʻm) va “Kapital bank” ATB foydasiga kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati boʻyicha 200 davlat raqamiga ega boʻlgan “MALIBU” rusumli transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Shu kabi, qarzdor “V.INV.TUM” MCHJdan jami 372,9 mln. soʻm maʼmuriy jarimalar va soliq qarzdorligi undirish maqsadida, Jeep rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qoʻyildi.
Avtomshainasi jarima maydonidan olib chiqish uchun ayrim fuqarolar qarzdorligini bartaraf etishgan.
Avtomashinasi jarima maydonchasiga borishi bilgan fuqaro B.X. 12 ta (4,1 mln.) maʼmuriy jarimalarini joyida toʻlashni afzal koʻrgan.
Toshkent viloyatining “Chinor” yoʻl-patrul xizmati statsionar postida 2022-yilning 1-dekabr kunidan ishga tushirilgan “Yashil” va “Qizil” yoʻlak tamoyili tizimidan ham samarali foydalanib kelinmoqda.
Mazkur YPX postida 2022-yilning 1-dekabr kunidan joriy yilning 1-dekabr kuniga qadar Byuro organlari ish yurituvidagi yoʻl harakati qoidalarini buzishga oid 4,4 mlrd. soʻmlik (28 885 ta) qarzdorliklar undirilgan.