Eng avvalo, bu boradagi amaliy ishlarni huquqiy jihatdan taʼminlash maqsadida zaruriy meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarga turtki boʻldi.
Farmonga asosan, Oliy Majlis Senati raisi rahbarligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi va ushbu masala boʻyicha “Milliy maʼruzachi” instituti joriy etildi. Soʻnggi uch yilda 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlik normasini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritildi.
Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSH davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida Oʻzbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va mazkur yoʻnalishdagi tizimli ishlar oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda.
Sir emas, bundan bir necha yillar avval ijtimoiy soha vakillari, xususan tibbiyot xodimlarini turli xil koʻrinishdagi majburiy mehnatga, jamoat ishlariga jalb etilishi oddiy hol edi.
Xoʻsh, bugungi kunda sogʻliqni saqlash tizimida majburiy mexnatni bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi, mazkur tizimga taalluqli barcha boʻgʻindagi rahbarlar masʼuliyatni his etib, ish olib bormoqdami?
Aynan shu savollarga holis javob topish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasining rejasiga asosan quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan joriy yil fevral oyida tibbiyot xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan barcha turdagi ishlarga jalb qilinishi holatlari Fargʻona va Andijon viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi.
Oʻrganish yakunlari Qonunchilik palatasi deputatlari, qoʻmita huzuridagi ekspert guruhi aʼzolari, Fargʻona va Andijon viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, ijro hokimiyati vakillari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari ishtirokidagi qoʻmitaning videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, Andijon va Fargʻona viloyatlari bandlik bosh boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida Majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining joylardagi ijrosini taʼminlash maqsadida targʻibot va tashviqot ishlari olib borilgan.
Jumladan, 2020-yil davomida Fargʻona viloyatida majburiy mehnatning oldini olish boʻyicha barcha shahar va tumanlarda jami 68 ta bannerlar oʻrnatilib, aholini huquqiy ongini oshirish maqsadida 10 000 ta flayerlar hamda 2200 ta uslubiy qoʻllanmalar tarqatilgan. Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan hududlarda 554 ta huquqiy targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilgan boʻlib, ularda jami 13218 nafar fuqarolarning ishtiroki taʼminlangan.
Fargʻona va Andijon viloyatlarida ham 2020-yilda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda davlat idoralari rahbarlari, fermer xoʻjaliklari, paxta toʻqimachilik klasterlari rahbarlari va ish beruvchilarni jalb qilgan holda vebinar shaklida oʻquv seminarlari oʻtkazilgan.
2020-yil oʻtgan davri mobaynida Fargʻona viloyatida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 6 ta korxona, tashkilot va mahalliy hokimlikning 7 nafar rahbari hamda masʼullariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan maʼmuriy jarima jazolari qoʻllanilgan.
Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan 2020-yil davomida joylarda 320 ta monitoring tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, ushbu tadbirlar davomida 19 ta salbiy, shundan 5 tasi mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash holatlari aniqlangan. Monitoring tadbirlari davomida 57 ta holatda bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar kiritilgan.
Deputatlar qayd etganidek, oʻrganilgan har ikki viloyatdagi tibbiyot muassasalarida xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari yaqqol kuzatilmagan boʻlsa-da, anonim oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, ayrim muammolar mavjud ekanligi aniqlandi. Xususan, pandemiya davrida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda toʻlovsiz tungi navbatchilik ishlariga jalb etish, kichik tibbiyot xodimlari muassasasiga tegishli hududda xizmat vazifasidan tashqari obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi, tibbiyot xodimlarini sohaga oid gazeta va jurnallarga majburiy obuna qilish holatlari kuzatilgan. Tadbirda mazkur holatlar boʻyicha viloyat sogʻliqni saqlash boshqarma boshliqlari va tegishli mutasaddilarning axboroti eshitildi.