Mazkur maqolalarda ustoz jurnalistlar oʻz ichki tuygʻu va kechinmalarini qalamga olgan, jamiyatimizda uchrayotgan ayrim salbiy jihatlarga tanqidiy munosabatlarini bildirgan.
Barchamiz guvohi boʻlib turibmiz, bugungi kunning global muammosi – pandemiyadan tezroq qutilish. Mana shunday vaziyatda jurnalistlar ham kun qahramonlari – tibbiyot, sanitriya-epidimiologiya, ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari bilan bir qatorda faol harakat qilmoqda. Shu maʼnoda ularning ham xizmatini eʼtirof etish kerak. Sababi, jurnalistlar ham jarayonlardan aholini boxabar qilib bormoqda, joylardan reportajlar tayyorlamoqda. Aholiga xolis va aniq faktlarni yetkazmoqda.
Inson oʻzini anglashi uchun, eng avvalo, oʻtmishini, tarixi va madaniyatini bilishi kerak. Shundagina, u bu dunyoda belgili oʻrinni egallaydi. Tan olishimiz kerakki, barchamizni – arboblar, siyosatchilar, olimu yozuvchilar, jamiyatimizdagi barcha soha xodimlarini kitob va matbuot tarbiyaladi. Bir-birimiz bilan gazeta-jurnal, kitob almashtirib oʻqib, fikr almashib ulgʻaydik. Birgalashib, madaniyat uylariga, kutubxona va klublarga borib madaniy hordiq chiqardik. Bugun-chi? Shaxsiy kompyuter, mobil telefoniga egamiz. Vaqtimizning asosiy qismini shular band etmoqda. Kitob va gazeta varaqlashga vaqt topmaymiz. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi ishonarli-ishonchsiz xabarlarni, turli yangiliklarni, fikrlarni oʻqib “madaniy gʻiybat” oʻrtasiga tushib qolgandek sezamiz oʻzimizni.
Koshki, oʻqisak... “Majburiy obuna”ga qarshimiz deyish oʻrniga farzandlarimiz istagan nashrni izlasak. Nashrlarga ustama yoki hisobot uchun emas, zarur boʻlgani uchun obuna boʻlsak...
Furxat Utemuratov,
“Xoʻjayli haqiqati” gazetasi bosh muhaririri oʻrinbosari