Bugun har bir fuqaro, albatta, davlat xizmatlari markaziga biror bir yumush bilan murojaat qiladi. Markazlar orqali tadbirkor va fuqarolarga 180 ga yaqin xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Nurafshon shahar adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazida shahardagi umumtaʼlim maktabi bitiruvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.
Tadbirda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimi takomillashayotgani aholining hayot sifati, ishchanlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
— Davlat xizmatlari markazlari faoliyati, vazifalari va asosiy maqsadlari haqida bugun katta hayot ostonasida turgan oʻgʻil-qizlarni tanishtirish juda muhim, — deydi Nurafshon shahar xalq taʼlimi boʻlimi uslubchisi Marhabo Sultonova. — Ularda bu borada yetarli bilim va tajribalar shakllanishi zarur. Sababi, ular ertaga turli davlat xizmatlaridan foydalanadi. Joriy oʻquv yilida Nurafshon shahridagi 13 ta umumtaʼlim maktabini 430 nafar oʻquvchi bitirmoqda. Ayni kungacha 278 nafar bitiruvchi pasport (ID-karta) olgan. Bugundan boshlab qolgan bitiruvchilarga ham reja asosida ID-karta berilishi taʼminlanadi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirida bitiruvchilar shahar Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlimlarida fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar, xizmat koʻrsatish, shu bilan birga davlat xizmatlarini olish jarayoni bilan tanishtirildi. Ishtirokchilar markazdagi oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchagida mutaxassislar yordamida kerakli davlat xizmatlaridan mustaqil foydalandi. Shuningdek, masʼul xodimlar tomonidan ayrim masalalar yuzasidan huquqiy maslahat ham berildi.
Musajon Karimov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
masʼul xodimi