Maktab darsliklari uchun ijara toʻlovlari qayta tiklanishi mumkin

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan Byudjetnomada maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklash taklif etilmoqda.

    Unda qayd etilishicha, 2024-yilda bir oʻquvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining oʻrtacha narxi 450−500 ming soʻmni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming soʻm) tashkil etgan. Hujjatda bir toʻplam uchun 80 ming soʻm (bir toʻplam tan narxining 16-18 foizi) miqdorida ota-onalar toʻlovini qayta tiklash taklif qilinmoqda.

    Ushbu toʻlovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd soʻm mablagʻlar har yili oʻquvchilarni mashq daftarlari bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yoʻnaltiriladi.

    “Darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, — deyiladi Byudjetnoma loyihasida.

    Maʼlumot uchun: 2025-yilda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bogʻliq xarajatlar – 1,3 trln soʻm etib belgilangan.