Maktab oshxonasi qanday boʻlishi kerak: xorij amaliyoti

    Bugun maktablardagi oshxonalarning faoliyati toʻgʻri ovqatlanish talablariga yetarli darajada javob bermaydi. Ayrim maktab oshxonalarida gazli ichimliklar, yogʻli yoki tezpishar yeguliklar, turli shirinliklarni sotish holatlari mavjud.

    2022-yil holatiga koʻra, yurtimizdagi 10130 ta maktabning 4019 tasida oshxona bor. 2500 tasida esa vaqtinchalik bufet faoliyat koʻrsatmoqda. 3611 ta maktabda hatto bufet ham tashkil etilmagan. Natijada oʻquvchilarda toʻgʻri ovqatlanish ratsioniga amal qilmaslik, ovqatdan zaharlanish, vazn ortishi kabi noxush holatlar kelib chiqmoqda.

    Vaholanki, taʼlim muassasalaridagi oshxonalar faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 132-sonli qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizom asosida tashkil qilinadi.

    Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 22-iyulda 32-son bilan hisobga olingan) asosida maktab oshxonalariga nisbatan umumiy talablar belgilangan.

    Bunga maktab oshxonalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va oshpazlarning mazkur talablardan yetarli darajada xabardor emasligi hamda maktab maʼmuriyatining oshxonalar faoliyatini nazorat qilishdagi kamchiliklari sabab boʻlmoqda.

    Bolalar va yoshlarning rivojlanishi hamda oʻsishi oziq-ovqat va ozuqa moddalarning toʻgʻri muvozanatini talab qiladi. Toʻgʻri ovqatlanish bolalar va yoshlarda turli kasalliklar yuzaga kelishining oldini oladi, shuningdek, ularda umr davomida toʻgʻri ovqatlanish odatlarini shakllantirib boradi. Shu sababli xorijiy davlatlarda maktab taʼlimidan boshlab toʻgʻri ovqatlanish ratsionini shakllantirish mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgan.

    Jumladan, Avstraliyada maktablar oshxonalarida oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha nazoratchi faoliyat yuritadi. Nazoratchi oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus treningda oʻqigan va sertifikatga ega boʻlishi lozim. Uning vazifalari maktab oshxonalarining oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha qonuniy talablarga rioya qilinishini nazorat qilish, maktab oʻquvchilari va xodimlarga oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha maʼlumotlar berish kabilardan iborat. Maktab maʼmuriyati maktabda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha nazoratchi faoliyati tashkil qilingani haqida tegishli organni xabardor qilishi lozim.

    Finlandiya maktabda bolalarni bepul ovqat bilan taʼminlagan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi. 1948-yildan maktablarda bepul ovqatlanish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. 1960-yillarning boshiga qadar maktab taomlari asosan shoʻrva, boʻtqadan iborat boʻlgan. 1960-yillardan boshlab maktab ovqatlarining turi koʻpaygan.

    Finlandiyada maxsus kengash mavjud boʻlib, u maktablar uchun ovqatlanish qoidalarini belgilaydi. Mazkur davlatda maktabdagi yeguliklarni kuzatish va baholash uchun mahalliy hokimliklar masʼul.

    Maktab oshxonasi oʻquvchilarni shoshilmasdan ovqatlanishga undaydi. Ovqatlanish vaqtida oʻquvchilarning oʻzaro munosabatini yaxshilashiga eʼtibor qaratiladi. Oziq-ovqatning taʼmi va haroratiga ham alohida ahamiyat beriladi. Maktab oshxonasida taomnomadagidan tashqari mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.

    Maktablarda toʻgʻri ovqatlanish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Shotlandiyada 2007-yilda “Maktablarda salomatlikni mustahkamlash va ovqatlanish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. U maktabdagi tushliklar, oziq-ovqatlar hamda ichimliklar uchun standartlarni belgilaydi. Bundan tashqari, maktablarda sotilishi taqiqlangan mahsulotlar va ichimliklar roʻyxati tasdiqlangan. Taqiqlangan mahsulotlar roʻyxatiga qandolat mahsulotlari, shokolad va shokolad mahsulotlari, shokolad bilan qoplangan mahsulotlar, shirinliklar, shu jumladan, shakarsiz shirinliklar (masalan, saqich/jelatin, qizilmiya, yalpiz va boshqa shirinliklar, lolipoplar, fuj, tabletka, tofe, sharbat, zefir), shokolad, yogurt yoki shakar bilan qoplangan quritilgan meva va yongʻoqlar, qayta ishlangan mevali shirinliklar, qovurilgan ovqatlar, ishlab chiqarish jarayonida koʻp qovurilgan mahsulotlar (chips, qizarib pishgan kolbasa, qovurilgan gamburger va shu kabilar), yogʻli, yogʻga toʻyingan, natriy va shakar miqdori belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan va 25 g.dan ortiq oʻramdagi yeguliklar kiradi. Oʻquvchilarga qoʻshimcha tarzda tuz berilmasligi kerak.

    Shuningdek, yaxni ichimliklar, shakarsiz yaxna ichimliklar, shakar qoʻshilgan meva sharbati, shirinlashtirilgan yoki tuzlangan sabzavot sharbati, koʻngilochar ichimliklar, sport ichimliklari taqiqlangan ichimliklar roʻyxatiga kiritilgan.

    Davlat va grant asosidagi maktablar rahbariyatiga maktablarda taqdim etilgan oziq-ovqat va ichimliklar belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlash majburiyati yuklangan. Maktablarda oshxona tashkil qilish istagida boʻlgan tadbirkorlar ham mazkur talablarga rioya qilishi shart.

    Shunga oʻxshash toʻgʻri ovqatlanish tartibi boshqa Yevropa va Osiyo davlatlari, AQSH maktablarida ham tashkil qilingan. Jumladan, Italiyaning maktab taomida odatda goʻshtli makaron, sabzavot va meva, Shvetsiyada asosiy taom va salat uchun sabzavotlar mavjud. Janubiy Koreyada oʻquvchilar guruch, shoʻrva, kimchi, meva va yogurtli ichimlik isteʼmol qiladi.

    AQSHda milliy maktab tushlik dasturi yordamida maktablarda bepul ovqatlanish tashkil etilgan. Masalan, dastur orqali 2016-yilda 13,6 mlrd dollarga 30,4 mln.dan ortiq bola arzonlashtirilgan yoki bepul tushlik bilan taʼminlangan.

    Yaponiya maktabining odatiy tushlik taomi guruch, asosiy taom (goʻsht, baliq yoki tofu), sabzavotli taom, sut va mevadan iborat. Taomnoma bolaning kundalik faoliyati uchun yetarli boʻlgan 600-700 kaloriyani taʼminlash uchun ehtiyotkorlik bilan muvozanatlangan.

    Yaponiyada birinchi maktab tushlik dasturi 1923-yilda boshlangan boʻlib, u asosan qashshoq yashovchi va toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan bolalarning farovonligiga qaratilgan. Dastur 1954-yildan boshlab Yaponiyadagi barcha maktablarda joriy qilingan. Maktab tushligi toʻgʻrisidagi qonun qator asosiy maqsadlarni koʻzda tutadi.

    Bolalarda toʻgʻri ovqatlanish koʻnikmasini shakllantirish, maktabda jamoaviy munosabatlarni mustahkamlash, toʻgʻri ovqatlanishni taʼminlash orqali bolalar salomatligini yaxshilash, bolalarga toʻgʻri ovqatlanishni oʻrgatish shular jumlasidan.

    Estoniyada davlat har bir taom uchun 1 yevro miqdorida subsidiya beradi. Qolgan xarajat mahalliy hokimliklar yoki bolaning vasiylari yoxud har ikkalasi tomonidan qoplanadi. Polshada ham boshlangʻich maktab oshxonalari qisman subsidiyalanadi. Jumladan, ota-onalar ovqat uchun pul toʻlaydi. Mahalliy hokimliklar oshxonaning boshqa barcha xarajatini qoplaydi (masalan, oshpazlarga ish haqi toʻlash va jihozlash).

    Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda maktab oshxonalarini rivojlantirish uchun quyidagi takliflar bildiriladi:

    birinchidan, mamlakatimizdagi maktablar oshxonasida oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha nazoratchi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

    ikkinchidan, mamlakat miqyosida maktablarda bepul ovqatlanish tizimini yoʻlga qoʻyishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini tahlil qilish;

    uchinchidan, maktab oshxonalari faoliyatini qisman subsidiyalash amaliyotini joriy etish.

    Adiba SAFAROVA,

    Adliya vazirligi huzuridagi

    Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi