Maktabda oʻz vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazildi

    Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazgan 20 yoshli yigitga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Joriy yilning 1-mart kuni soat taxminan 13-00larda Toshkent viloyati, Zangiota tumani, “Bogʻishamol” MFYdagi 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf oʻquvchilarining maktabni orqa taraf hovlisida oʻzaro janjallashayotganini koʻrib qolib holatni bartaraf etishga kirishadi.

    Shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda oʻquvchilarni tinchlantirishga kirishishida, ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B.ning chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikkita sheriklari esa xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashib ketadi. Taraflarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini toʻxtatish chorasini koʻrgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkaziladi.

    Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qoʻriqlash tezkor guruhi tomonidan holat toʻliq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qoʻlga olinib, tuman ichki ishlar boʻlimiga topshirilgan.

    Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B.ning akasi Toshkent viloyati, Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.Boqiyev ekani maʼlum boʻlgan.

    Mazkur holat boʻyicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, fuqaro I.Boqiyev JPKning 221-moddasi asosida ushlanib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.

    Shuningdek, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.