Maktabga mast holda qoʻlida bolta bilan kelgan fuqaro toʻxtatib qolindi

    Mast erkakni yangi joriy qilingan tizimda xizmat oʻtayotgan Milliy gvardiyaning qorovul xodimi toʻxtatib qolgan.

    Joriy yilning 4-mart kuni soat 15:40larda Taxtkoʻpir tumani Daoʻir mahallasida joylashgan 4-sonli maktabda, yangi joriy qilingan tizimda xizmat oʻtayotgan Milliy gvardiyaning qorovul xodimi tomonidan maktabga mast holda qoʻlida bolta bilan kelgan fuqaro toʻxtatib qolindi.

    Ushbu fuqaro maktabning kirish joyida xizmat oʻtayotgan qorovul xodimining begonalarni maktab ichkarisiga kiritmasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirishiga va talablariga boʻysinmasdan, kurtkasi ichidan bolta chiqarib janjal koʻtarib turgan bir paytda “tashvish” xabari asosida chaqirilgan va yetib kelgan tuman qoʻriqlash xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

    Olib borilgan dastlabki oʻrganishlar davomida ushbu fuqaro, Taxtakoʻpir tumanida yashovchi 45 yoshli fuqaro S.D. ekani, mazkur maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlaydigan turmush oʻrtogʻi R.B.ni koʻrishga kelgani va gaplashib ketmoqchi ekanini, qoʻlidagi boltani esa oʻtin chopish oldidan oʻtkirlatishga olib chiqqanini maʼlum qilgan.

    Fuqaro S.D. tezkor guruh xodimlari tomonidan tuman Tibbiyot boʻlimiga olib borilib, spirtli ichimlik isteʼmol qilgani boʻyicha maʼlumoti olingandan soʻng, tuman IIB profilaktika inspektori bilan birga tegishli xujjatlar rasmiylashtirilgan holda, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mastlik holati boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktiga yotqizilgan.

    Hozirda holat yuzasidan Taxtakoʻpir tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.