Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga muvofiq amalga oshiriladi. Unga koʻra, navbatga qoʻyish jarayonida quyidagi toifadagi bolalar imtiyozli roʻyxatga kiritiladi.
Jumladan, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning bolalari, koʻp bolali oilalar farzandlari, yetim yoki ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar imtiyozga ega hisoblanadi.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarning bolalari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari ham ushbu roʻyxatdan joy olgan.
Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolgʻiz ayollarning bolalari, shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari, talabalar va pedagoglarning bolalari ham imtiyozli toifaga kiradi.
Aka-opa yoki singil-ukalari ayni shu maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan MTTdan sogʻayib, umumiy turdagi bogʻchaga oʻtkazilayotgan bolalar uchun ham ustuvorlik beriladi.
Muhim jihat shundaki, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga navbatga qoʻyilmasdan joylashtiriladi. Bunda joylashtirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlari yoki bolaning qonuniy vakillari orqali bevosita amalga oshiriladi.
Mazkur imtiyozlar ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni birinchi navbatda qamrab olish, oila sharoiti ogʻir boʻlgan farzandlar uchun teng imkoniyat yaratish hamda davlat qoʻllovini aniq ehtiyojmand toifalarga yoʻnaltirishni maqsad qilgan.