Maktabgacha taʼlim tizimi uzoq yillar davomida yetarli nazorat qilinmaganligi oqibatida tizimda qonunbuzarlik va suiisteʼmolliklar avj olgan, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati. Bu kabi noxush vaziyatlarga qarshi kurashish maqsadida 2017-yilning 30-sentyabrida toʻgʻridan-toʻgʻri vazirga boʻysunuvchi Ichki audit xizmati tashkil etildi.

2020-yilning boshida vazirlik 2018-2019-yillarda aniqlangan qonunbuzarliklarni tahlil qilib, hukumatga qator takliflarni kiritdi. Vazirlik tashabbusi bilan Hisob palatasi hamkorligida boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb qilingan holda byudjet mablagʻlarining samarali ishlatilishi yuzasidan chuqur tahliliy oʻrganishlar oʻtkazildi. Hamkorlikda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 48,3 milliard soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.

Aybdor deb topilgan shaxslardan byudjet hisobiga 2019-yilda 9,5 milliard soʻm, 2020-yilning birinchi yarmida esa 4,1 milliard soʻm, jami 13,6 milliard soʻm mablagʻ undirib olindi.

MTVning Ichki audit xizmati boshligʻi Dilshod Normatovning soʻzlariga koʻra, ushbu hujjatlar asosida prokuratura tomonidan bir qator jinoiy va maʼmuriy ishlar qoʻzgʻatilgan, vazirlik esa moliyaviy qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan mudira va hisobchilarni ishdan boʻshatgan.

“Kamomad va korrupsiya holatlarini aniqlanganda MTV masʼul javobgar shaxslarni ishdan boʻshatib, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi. Ammo ushbu shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon xabarlar tarqatib, jamoat fikrini manipulyatsiya qilishgacha bormoqdalar. Baʼzi blogerlar va huquq himoyachilari ularga ishonib, mudiralarning “noqonuniy” ishdan boʻshatilganliklari haqidagi maʼlumotlarni yozmoqdalar. Masalan, yaqinda Andijon viloyatidagi mudiralarning “noqonuniy” ishdan boʻshatilishi haqidagi xabarlar tarqatilgandi. Ushbu xabarlarda mudiralar “qiyin ahvolda yurganliklari”,“oʻta ogʻir ruhiy siqilishlarga duch kelganlari” qayd etilgan. Ularning talqinida goʻyoki noqonuniy tarzda ishdan boʻshatilganlar orasida Qoʻrgʻontepa tumanining 2-son MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 39,9 million soʻm), Andijon shahridagi 25-son MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 32,7 million soʻm) bor. Prokuratura ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatgan, ammo mudiralarning oʻz aybini tan olganligi va yetkazilgan zararni bartaraf etganligi sababli jinoyat ishi tugatilgan. Bu kabi sobiq mudiralar astoydil MTTlarga qaytishga harakat qilmoqdalar, ammo MTV tashabbusi bilan qonunbuzarlarning maktabgacha taʼlim tizimiga rahbar lavozimiga qayta olinmasligi qonun bilan chegaralangan”, — deb, taʼkidladi Ichki audit xizmati boshligʻi Dilshod Normatov.

2019-yil va 2020-yilning birinchi yarmida aniqlangan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar:

  • 900 million soʻm — Kattaqoʻrgʻon shahrining 10-son maxsus MTMdagi noqonuniy xarajatlar (Samarqand viloyati);
  • 301 million soʻm — Olmazor tumanining 509–son MTTdagi moliyaviy qonunbuzarliklar (Toshkent sh.);
  • 202 million soʻm — Peshku tumanining 22-son MTTdagi kamomad va oylik ish haqi toʻlov qaydnomalarining qalbakilashtirilishi (Buxoro viloyati);
  • 150 million soʻm — Mirishkor tumanining 8-son MTTdagi oziq-ovqat va moddiy boyliklarning kamomadi, “oʻlik jonlar” va toʻlov qaydnomasidagi imzolarning qalbakilashtirilishi (Qashqadaryo viloyati);
  • 101 million soʻm— Guliston tumanining 11-son MTTdagi ish haqi toʻlovlarning ortiqcha sarflanishi (Sirdaryo viloyati).

Maktabgacha taʼlim vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqlash, profilaktikasini taʼminlash va oldini olish boʻyicha Yoʻl xaritasini ishlab chiqdi va ushbu hujjat 14ta vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Shuningdek, Bosh prokuratura bilan ham maktabgacha taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha Yoʻl xaritasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Shuni taʼkidlash joizki, Bugungi kunda 6 mingga yaqin davlat MTTlarida 223 ming xodim faoliyat yuritadi. MTV maktabgacha taʼlim tizimi Ichki audit xizmati bola haqqiga xiyonat qiladigan vijdonsiz insonlardan xalos etish borasida oʻz ishini davom ettiradi.