Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha boʻlgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi. Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz — ijtimoiy ahvolidan qatʼi nazar, bogʻcha yoshidagi har bir bolani ushbu taʼlim yoʻnalishi bilan toʻliq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat. Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovini 65 foizga, 2023-yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard soʻm subsidiya berish hisobidan qoʻshimcha 2 mingta nodavlat bogʻcha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi”, deya taʼkidlab oʻtdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish yoʻlida katta imkoniyatlar yaratilmoqda. 
Kelajagimiz egalari boʻlgan dilbandlarimizga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.

Prezidentimiz soʻnggi toʻrt yil ichida bolalar qamrovi 60 foizga yetgan MTTlar soni 14 mingdan oshganini qayd etdi. Maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektor ulushining oshirilishi yosh avlodga bogʻcha paytidanoq sifatli taʼlim-tarbiya berish, ularni jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar insonlar boʻlib ulgʻayishiga zamin yaratadi.

Murojaatnomada taʼkidlanganidek, 2021-yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi. Uzoq qishloqlarda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllari yana-da kengaytiriladi. Bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modeli ham yoʻlga qoʻyiladi.

Agrippina SHIN,

Oʻzbekiston Respublikasi

maktabgacha taʼlim vaziri