BMTning bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu qaror loyihasida “COVID-19” pandemiyasi davrida xalq taʼlimi tizimidagi muassasalar maʼmuriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, texnik xodimlar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari uchun alohida tavsiyalar aks etgan.
Unga koʻra:
Maktab rahbarlariga:
maktablarda sanitariya qoidalariga rioya qilish, jumladan, qoʻllarni muntazam ravishda yuvish jadvalini tuzish, qoʻl yuvish joylarini hozirlash hamda ularni sovun va suv, shuningdek, ichimlik suvi bilan taʼminlash;
maktab tasarrufidagi oʻquv va maishiy binolarga kirib-chiqishda dezinfeksiya vositalarini joylashtirish, sinfxonalar sharoitini oʻquvchilar orasida masofa saqlanishiga moslab qayta koʻrib chiqish;
maktablarda “ertalabki filtrlar” va “izolyatsiya” xonalari tashkil etish va boshqa vazifalar;
Pedagoglarga:
maktablarda gigiyena koʻnikmalarini va sogʻlom turmush tarzi qoidalarini doimo targʻib qilish;
sinf xonalari, suv va sanitariya inshootlarini muntazam tozalash va dezinfeksiyalash, oʻquvchilarning doimiy ravishda qoʻllarni yuvib turishi, masofa saqlashi va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishini nazorat qilish;
xonalarni shamollatish va dezinfeksiyalash kabi choralar hamma uchun foyda ekanligini oʻquvchilarga va ularning ota-onalariga qaratilgan qisqa-qisqa suhbatlar orqali tushuntirish va boshqa vazifalar;
Tibbiyot xodimlariga:
“ertalabki filtrlar” ishlarini va kasallik aniqlanganda bemorni zudlik bilan izolyatsiyalashni tashkillashtirishda koʻmak berish;
dezinfeksiya vositalarini tayyorlashda maktab xodimlariga koʻrsatmalar berish;
maʼmuriyat koʻmagi bilan oʻquvchilar va maktab xodimlarining tibbiy bilim va madaniyatini oshirishda ishtirok etish kabi vazifalar;
Texnik xodimlarga:
suv, sovun va yuvish vositalaridan foydalangan holda har kuni 3-marta nam tozalashni va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda kuniga 1-marta va haftada kamida bir marta umumiy tozalashni amalga oshirish;
dezinfeksiyalash vositalari va yuvish vositalarini hamda ularning ishchi eritmalarini oʻquvchilar qoʻli yetmaydigan joyda saqlash va ularni infeksion xavfsizligiga javobgar boʻlish va boshqa vazifalar;
Ota-onalarga:
farzandlariga gigiyena qoidalarini oʻrgatish;
taʼlim muassasasi maʼmuriyati va pedagoglari bilan maʼlumot almashish maqsadida doimiy muloqotda boʻlib, maktab xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashish va boshqa vazifalar yuklatitishi koʻzda tutilmoqda.